Jahon | 22:54 / 19.11.2025
13630
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy uzra qora bulutlar: prezident qayerda xato qildi?

Ukrainadagi korrupsion mojaro Kiyev uchun muammolar keltirib chiqarishni boshladi. Kutilganidek Orban Yevropa Ittifoqini Kiyevga yordamni to‘xtatishga chaqirmoqda, hozircha Tramp jim, lekin okean ortidagi Ukrainaga yordamni qoralovchilar ham g‘imirlab qoldi. Prezident Zelenskiy hatto urush boshlangach bunaqa qiyin ahvolga tushmagandi. Shu kunlarda Zelenskiy prezidentlikdan oldin korrupsiya haqida aytgan gaplari internetda virus kabi tarqalyapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Svinarchuk ishi

2019 yil Ukrainadagi prezident saylovlari arafasida korrupsion mojaro avj oladi. Ukraina armiyasini o‘marish bilan bog‘liq mojaro markazida amaldagi prezident Petro Poroshenkoning yaqin odami, biznes sherigi Oleg Gladkovskiy bo‘ladi. Bu vaqtda Poroshenko ikkinchi muddatga saylanishga tayyorlanayotgan, aktyor Volodimir Zelenskiy amaldagi prezidentga raqobatchi o‘laroq siyosiy maydonga chiqib kelayotgandi.

«Sluga naroda» filmida prezident rolini ijro etib, ukrainlar qalbini zabt etgan Zelenskiy bu mojarodan yaxshigina foydalanib qoladi. «Atrofidagi odamlar bunaqa korrupsion mojaroga aralashgan prezident iste’foga chiqishi kerak», deydi Zelenskiy Gladkovskiy ishi haqida.

Aytgancha, Zelenskiy Gladkovskiyni sobiq familiyasiga urg‘u berib Svinarchuk deb ataydi. Vaholanki, chinovnik Svinarchuk bir necha yil avval familiyasini Gladkovskiy deb o‘zgartirgandi. Tabiiyki Zelenskiy Gladkovskiyning eski familiyasida «Svinya», ya’ni cho‘chqa so‘zi borligi uchun uni shunday deb ataydi. O‘sha vaqtda Ukrainada Poroshenko va Svinarchukka qarshi namoyishlar o‘tkaziladi, bannerlarda cho‘chqaning ham rasmini qo‘yishadi.

O‘sha mojaro vaqtida Zelenskiy aytgan gaplari hozir faol tarqatilmoqda. «Poroshenko Svinarchuk nima ish qilganini bilmagan bo‘lishi mumkin, lekin u chiqib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga Svinarchukni qo‘lga olishni buyurishi mumkin edi. Uning o‘rnida bo‘lganimda, siyosatdan ketardim», degandi xususan Zelenskiy.

Hozir Zelenskiyning do‘sti Mindich boshchilik qilgan korrupsion mojaro oldida Svinarchuklar ishi hech narsa bo‘lmay qoldi. Chunki 2019 yilda Ukraina Rossiya bilan faqat Donbassdagi e’lon qilinmagan urushda to‘qnashayotgandi xolos. Hozir Rossiya bor kuchi bilan Ukrainani bosib olishga intilmoqda, bunday paytda qilingan o‘g‘rilikni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Ortga qaytib...

Bilasizmi, hozir Zelenskiy uni prezident qilgan «Sluga naroda» filmidagi Ukraina rahbari Goloborodko holatiga tushib qoldi. Kinoda oddiy tarix o‘qituvchisi Goloborodko korrupsiyaga botgan Ukraina prezidenti bo‘lib qoladi va ishni nimadan boshlashni bilmaydi. Axir korrupsiya qanchalik ildiz otgani uning tushiga ham kirmagandi. Albatta, kino oxirida Goloborodko Ukrainani korrupsiya botqog‘idan olib chiqadi, hatto Qrimni ham qaytaradi, lekin bu uchun hayotda tasavvur qilib bo‘lmas yo‘ldan o‘tadi.

Buni qarangki, hayotda barchasi Zelenskiy uchun kinodagidan ham qiyin kechmoqda. Kinoda ko‘pi bilan uni qamashadi, lekin hayotda u prezidentlik qilayotgan davlatga butun boshli Rossiya bostirib kirdi. Endi yetmaganiga mana bu korrupsion mojaroga o‘ralashib qoldi.

Men Volodimir Zelenskiy do‘sti Mindich markazida bo‘lgan korrupsion sxemadan manfaatdor bo‘lmaganiga ishonaman. Zelenskiy poraxo‘r siyosatchi emas, bunga hech qachon shubha qilmaganman. Bu vaziyatda uning xatosi siyosatda do‘stga, tanish-bilishiga ishonish mumkin deb o‘ylaganida. Va endi uning oldida jiddiy sinov turibdi, bu nomus masalasi, vaqtida Poroshenkoni Svinarchuk sabab nimalar demagandi, endi o‘zi Poroshenkodan yomonroq holatda.

Svinarchuk ishini endi hech kim eslamaydi, lekin Mindich ishi sabab butun Ukraina reputatsiyasi darz ketdi. Zelenskiy aybdorlarni jazolash orqaligina o‘ziga ishonchni qaytarishi mumkin, menimcha. Urush davrida esa urush qonunlari amal qiladi, oddiy qonunlar emas. Zelenskiy bu botqoqdan chiqib keta olarmikin?

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid