Jahon | 08:19 / 19.11.2025
1328
7 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning Madridga tashrifi: Ispaniya Ukrainaga yordamni davom ettiradi

Madridda Ukraina prezidenti Zelenskiy tashrifi chog‘ida ispaniyaliklar Ukrainaga har tomonlama harbiy va gumanitar yordamni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. 

Foto: Bernat Armangue/AP Photo/dpa/picture alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 18 noyabr kuni Madridga tashrif buyurdi. Bu uning Ispaniyaga uchinchi rasmiy tashrifi bo‘lib, u davlat rahbari qirol Filipp VI va sotsialist bosh vazir Pedro Sanches tomonidan qabul qilindi. Zelenskiy Ispaniya parlamentining har ikki palatasi rahbarlari va mamlakatning 13 ta eng yirik harbiy-sanoat korxonalari direktorlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Qirol mehmon sharafiga tushlik tashkil etdi. Ukraina rahbari Madriddagi qirolicha Sofiya san’at markaziga ham tashrif buyurdi.

Ispan ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, barcha darajadagi uchrashuvlarda Zelenskiy "Rossiya tajovuziga duch kelgan sharoitda Ispaniya tomonidan Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi, uning xalqi va hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi" to‘g‘risidagi kafolatlarni oldi. Bu qo‘llab-quvvatlash, xususan, boshqa NATO davlatlari bilan birga Ukraina armiyasi uchun AQShda xarid qilinadigan qurollarni moliyalashtirish orqali namoyon bo‘ladi. Ukraina fuqarolariga, jumladan qochqinlarga gumanitar yordam ham avvaldagidek davom ettiriladi. Ispaniyadan avval Zelenskiy Gretsiya va Fransiyaga tashrif buyurgan edi.

Havo hujumlariga qarshi mudofaa vositalariga muhtoj bo‘lgan Ukrainaga qurol yetkazib berishni ko‘paytirish zarurati Madriddagi muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi. 2024 yilda 10 yil muddatga imzolangan ikki tomonlama Xavfsizlik va mudofaa to‘g‘risidagi kelishuvdan kelib chiqib, Ispaniya 2026 yilda Ukraina uchun qurol xaridiga bir milliard yevro ajratish niyatida. Bundan tashqari, yil oxirigacha Kiyevga qo‘shimcha ravishda 800 million yevroda ortiq mablag‘ – qurol-yarog‘ va energetika tizimini tiklash uchun ajratiladi, deb e’lon qildi Sanches yakuniy matbuot anjumanida.

Qirol va bosh vazir Zelenskiyga o‘z mamlakatining "Ukrainaga diplomatik, moliyaviy va harbiy sohalarda ko‘mak berishga" tayyorligini yana bir bor tasdiqladi, bu "Kiyev yordamga muhtoj bo‘lgan butun davr mobaynida", ya’ni tinchlik tuzilguniga qadar davom etadi. Ispaniya fikriga ko‘ra, bu tinchlik "xalqaro huquqqa asoslangan adolatli va mustahkam" bo‘lishi shart. Bundan tashqari, Madrid yana bir bor Ukrainani Yevroittifoq tarkibida ko‘rish istagini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunlangach, iqtisodiy hamkorlikka oid bir qator hujjatlar, jumladan harbiy-sanoat sohasida qo‘shma ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Bundan oldin harbiy korxonalar vakillari Zelenskiyga Ukrainaga yetkazib beriladigan o‘zining eng yangi ishlanmalarini – dronlarni aniqlash radarlari va dronlarga qarshi kurash tizimlarini namoyish etdi.

Ispaniya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati DW'ga eslatishicha, Rossiya hujumi keng ko‘lamda boshlanganidan so‘ng Ukrainaga Ispaniya arsenalidan harbiy yuklar yetkazib berish boshlangan. Shundan buyon Kiyevga 12 ta Hawk zenit-raket kompleksi, Aspide va Patriot zenit raketalari, Harpoon kemalarga qarshi qanotli raketalar, mina va S-90 granatomyotlari, turli kalibrdagi artilleriya qurilmalari va snaryadlar yuborilgan. Yetkazib berishlar orasida 30 ta Leopard 2 A4 tanki, 50 ta gusenitsali M113 zirhli transportyori, Ispaniyada ishlab chiqarilgan VAMPAC yo‘ltanlamas armiya avtomobillari, 40 ta yuk mashinasi, 8 ta dengiz patrul kateri ham bor.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya Ukrainaga miltiqlar va pulemyotlar, o‘qotar qurol uchun o‘q-dorilar, harbiy dronlar, tungi ko‘rish uskunalari, radiatsiya, biologik va kimyoviy quroldan himoya qiluvchi maxsus kiyim, zirhli jiletlar, qishki harbiy kiyimlar, mina qidiruv jihozlari, dala gospitallari va birinchi tibbiy yordam vositalarini yuborgan. Shu bilan birga, Ispaniyada turli harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha 8300 nafar ukrainalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. Jami olganda, mojaro davrida Ispaniya Ukrainaga taqdim etgan harbiy yordam qariyb 3 milliard yevroga yetgan.

Ukrainaga insonparvarlik yordami uchun Ispaniya 110 million yevro sarfladi. Shunga yaqin miqdordagi mablag‘ni turli nodavlat tashkilotlar ham to‘pladi. Birinchi navbatda, gap oziq-ovqat, sanitar jihozlar va dori-darmon, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur buyumlar yetkazib berish haqida bormoqda. Yordam ham Ukrainaning o‘zida, ham Ispaniya hududidagi ukrain qochqinlariga ko‘rsatilyapti.

Yordam to‘plash va ukrainaliklarga yetkazib berishdagi xizmati uchun Zelenskiy tashrif chog‘ida ispaniyalik rohiba Lusiya Karamni knyaginya Olga ordeni bilan mukofotladi.

Joriy yil boshiga kelib (yangi statistika keltirilmagan) Ispaniyadagi ukrain qochqinlari soni 236 570 kishini tashkil etgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshida ulardan taxminan 73 000 nafari ishga joylashgan. Ular asosan qurilish, savdo, restoran va mehmonxona biznesi sohalarida, shuningdek ispan oilalarida uy-ro‘zg‘or yordamchilari sifatida mehnat qilmoqda. Taxminan 40 ming bola va o‘smir ispan maktablarida ta’lim olmoqda.

"Ukrainlar Ispaniyada mehnatkash va intizomli xalq sifatida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi", – dedi DW bilan suhbatda siyosatshunos Rosa Mariya Senteno. Ispaniyaliklarning ularga munosabati butunlay ijobiy: "Mamlakatda bu qochqinlarga qarshi chiqadigan yoki ularni tezroq vataniga qaytarishni talab qiladigan siyosiy kuchlar yo‘q", – deya ta’kidladi u.

Zelenskiy tashrifi arafasida Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Ukrainaga yordamni davom ettirish masalasida so‘l hukumat koalitsiyasi ichida konsensus mavjudligini bildirgan edi. Biroq tashrifning o‘zi davomida Amerika qurollarini Ukraina uchun xarid qilishga qarshi chiqadigan o‘ta so‘l Podemos ("Biz qodirmiz") partiyasi norozilik bildirdi.

Bu partiya hukumat koalitsiyasi tarkibiga kirmaydi, ammo Ispaniya parlamentida to‘rt, Yevroittifoq parlamentida esa ikki deputatga ega. Uning bosh kotibi Ione Belarra bosh vazir Sanchesni militarizmda ayblab, bunday yordam "tinchlikka olib kelmasligini, faqat mojaroni cho‘zishi mumkinligini, qurol xaridlari esa, ehtimol, faqat Qo‘shma Shtatlar uchungina foydali ekanini" aytdi.

Siyosatshunos Senteno fikricha, bu "ispan populistlarining an’anaviy antimilitaristik va antiamerika ritorikasi" bo‘lib, ular harbiy xarajatlarni aholining ijtimoiy ehtiyojlariga yo‘naltirishni talab qilmoqda. "Bu siyosat na rossiyaparast, na antiukrain xarakterga ega emas", – deya xulosa qildi sotsiolog.

https://www.dw.com/ru/vizit-zelenskogo-v-madrid-ispania-prodolzit-pomogat-ukraine/a-74796075

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid