Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
So‘rov: rossiyaliklarning 64 foizi Ukraina bilan tinchlik shartnomasi tuzilishini xohlaydi
Tadqiqotga ko‘ra, rossiyaliklarning deyarli uchdan ikki qismi urushni to‘xtatish va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida «muzokara asosidagi tinchlik shartnomasi» imzolanishini istaydi. Shu bilan birga, faqat 36 foiz ishtirokchi bu ssenariyni amalga oshishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda «Xroniki» tadqiqot loyihasi o‘tkazgan so‘rov natijalari guvohlik bermoqda.
Foto: Maxim Shemetov/REUTERS
Rossiyaliklarning deyarli uchdan ikki qismi (63–64 foiz) urushni to‘xtatish va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida «muzokara asosidagi tinchlik shartnomasi» imzolanishini istaydi, biroq so‘ralganlarning faqat 36 foizi shunday natijaga erishish mumkin, deb o‘ylaydi. Bu 2025 yil oktyabr oyida «Xroniki» tadqiqot loyihasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarida aks etgan, uning dastlabki xulosalarini Re: Russia nashri e’lon qildi.
Tadqiqotda necha kishi qatnashgani aniq ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, so‘rov davomida ishtirokchilar ikki teng guruhga bo‘lingan: birinchisidan Rossiya hokimiyatidan qanday siyosiy qaror va harakatlarni kutayotgani so‘ralgan, ikkinchisiga esa qanday o‘zgarishlarni o‘zi shaxsan ko‘rishni istashi haqida savol berilgan.
So‘rov qatnashchilarining fikriga ko‘ra, hokimiyat tomonidan eng ehtimoliy deb baholanayotgan qadamlar quyidagilar: davlat budjeti xarajatlarini armiya manfaati yo‘lida oshirish (so‘ralganlarning 78 foizi bu sodir bo‘ladi, deb hisoblaydi), ichki va ijtimoiy muammolarni hal etishga e’tiborni kuchaytirish (48 foiz), Kreml e’lon qilgan maqsadlarga erishilganidan keyin Ukrainadagi urushni tugatish (47 foiz), Ukraina bilan o‘zaro ustuvorlikni inobatga olgan holda tinchlik shartnomasi imzolash (36 foiz), safarbarlik (35 foiz), g‘arb mamlakatlari bilan munosabatlarni tiklash (28 foiz) va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish (22 foiz).
Eng ko‘p istaladigan harakatlar sifatida respondentlar quyidagilarni keltirdi: Kreml belgilagan maqsadlarga erishilganidan so‘ng urushni tugatish va ichki hamda ijtimoiy muammolarni hal qilishga e’tiborni kuchaytirish (ikkalasi ham 88 foiz), Ukraina bilan o‘zaro yon bosish asosida tinchlik shartnomasi (64 foiz), sanksiyalarni bekor qilish (63 foiz), g‘arb mamlakatlari bilan munosabatlarni tiklash (58 foiz), armiya xarajatlarini oshirish (49 foiz) va safarbarlik (16 foiz).
Shu tariqa, istalgan va kutilgan voqeliklar o‘rtasidagi tafovut o‘rtacha 25 foiz punktni tashkil etdi. Bundan tashqari, rossiyaliklar o‘zi kutayotganiga nisbatan hokimiyatdan kamroq liberal qarorlar chiqishini taxmin qilmoqda.
So‘rovda ishtirokchilarga quyidagi savol berildi: «Siz Rossiyaning Ukraina hududida olib borayotgan harbiy operatsiyasini qo‘llab-quvvatlaysizmi, qo‘llab-quvvatlamaysizmi, aniq javob berishga qiynalasizmi yoki bu savolga javob berishni istamaysizmi?» Savolga javoban so‘ralganlarning 50 foizi urushni qo‘llab-quvvatlashini aytgan, 39 foizi esa javob berishni xohlamagan, qolganlari urushni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.
Shuningdek, «buyruq doirasida» urushda ishtirok etishga tayyor ekanini 28 foiz respondent ma’lum qilgan, yana 9 foiz urushga ixtiyoriy borishga tayyorligini aytgan. 38 foiz urushda ishtirok etishga tayyor emasligini bildirdi, yana 19 foiz javob berishdan bosh tortgan. Qolgan 6 foiz esa safarbarlik bo‘yicha tegishli toifaga kirmasligini aytgan.
Oila a’zosi shartnoma asosida xizmatga borishga qaror qilsa, qanday munosabatda bo‘lishi haqidagi savolga esa so‘ralganlarning 55 foizi bunday qarorni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan, 30 foizi aksincha, buni ma’qullashini aytgan, qolgan 15 foiz esa javob bermaslikni ma’qul ko‘rgan.
Mavzuga oid
22:15 / 12.12.2025
Putinni hibsga olishga order bergan XJS sudyasi Rossiyada sirtdan hukm qilindi
21:28 / 12.12.2025
Donald Tramp uchinchi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi
20:35 / 12.12.2025
Zelenskiy Kupyanskka keldi. Putinga bu shahar olingani haqida ikki bor hisobot berilgandi
16:01 / 12.12.2025