Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy AQShning tinchlik rejasi ustida ishlashga rozi bo‘ldi
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev va Vashington imkon qadar tezroq bitim imzolashga kelishib olgan.
Foto: Ukrinform/NurPhoto via Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh armiya vaziri Deniyel Driskoll bilan uchrashuvda Vashington bilan AQSh ma’muriyatining yangi tinchlik rejasi ustida ishlashga tayyorligini bildirgan. Bu haqda Axios xabar berdi.
Zelenskiyning o‘zi esa har kungi murojaatida Ukraina va AQSh delegatsiyalari «urushni yakunlash bo‘yicha reja bandlari ustida ishlashi» haqida gapirgan.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Driskoll 20 noyabr kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan o‘zaro muzokaralar chog‘ida Zelenskiyga reja nusxasini taqdim etgan.
Nashrning amerikalik rasmiylar orasidagi manbasi aytishicha, Zelenskiy va Driskoll uchrashuv chog‘ida bitimni imkon qadar tezroq imzolashga ham kelishib olgan.
Avvalroq Amerika nashrlari mazkur reja Rossiya vakillari bilan maslahatlashilgan holda ishlab chiqilgani tufayli Zelenskiy uni muhokama qilishga tayyor emasligini xabar qilgandi. Versiyalardan biriga ko‘ra, shu tufayli u va mazkur reja arxitektori – AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida Turkiyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvi bekor qilingan.
Driskoll bilan uchrashuvda esa Zelenskiy ancha murosasoz pozitsiyani egallagan. «Yechim tinchlikka erishish uchun bu borada birgalikda ishlashga harakat qilishda», – deydi Axios bilan suhbatda ukrainalik mulozimlardan biri.
O‘z navbatida, Tramp ma’muriyati 19-20 noyabr kunlari Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari bilan muzokaralarda taklif etilgan reja hali yakuniy hujjat emasligi va ularning pozitsiyalari ham hisobga olinishiga ishontirgan.
AQSh armiyasi vakili Deyv Batlerning xabar qilishicha, Zelenskiy va Driskoll avvaliga AQSh va Ukraina o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha keng qamrovli reja – kelishuv tuzilishiga kelishib olindi.
Amerika nashrlari Tramp ma’muriyati Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha 28 banddan iborat yangi reja ishlab chiqqanini xabar qilgandi. Nashrning yozishicha, rejada Kiyevdan Donbassni Rossiyaga topshirish, Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar sonini qisqartirish, Rossiya hududiga zarba yo‘llash imkonini beradigan uzoq masofali qurollardan voz kechish hamda rus tilini Ukrainada rasmiy tilga aylantirish kabi bandlar bor. Buning evaziga AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari taqdim etish nazarda tutilgan. Ukraina va uning ittifoqchilari bungacha Moskvaning xuddi shu kabi takliflarini ultimatum sifatida rad etayotgandi.
Rejani ishlab chiqishda AQSh Rossiya vakillari bilan maslahatlashgan. Yevropa rasmiylari reja tuzishga jalb qilinmagan, versiyalardan biriga ko‘ra, Ukraina tomoni ham. Axios’ning ta’kidlashicha, Ukraina AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasidagi uzoq davom etgan muzokaralardan keyingina jalb qilindi.
Mavzuga oid
15:21
Yevropa yetakchilari Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga ishonmayapti - Der Spiegel
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025