Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ukraina tomoni «tinchlik rejasi»ni qabul qilishi uchun oxirgi muddatni belgiladi
AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, 27 noyabr Ukraina AQShning tinchlik taklifini qabul qilishi uchun «qulay muddat»dir. Ammo, Donald Tramp ta’kidlashicha, agar hamma narsa «yaxshi ketayotgan bo‘lsa», bu muddat uzaytirilishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga kelasi payshanba – 27 noyabrgacha Amerika tomoni taklif etgan «tinchlik rejasi»ga rozilik berish uchun vaqt berdi. Bu haqda u juma kuni, 21 noyabrda Fox News telekanaliga intervyusida ma’lum qildi.
27 noyabr AQShda Minnatdorlik kuni nishonlanadi va Trampning fikricha, bu Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish uchun mos vaqtdir. «Menda ko‘plab oxirgi muddatlar bo‘lgan, ammo agar barchasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, odatda bu muddatlar uzaytiriladi. Lekin payshanba, bizning fikrimizcha, mos muddatdir», — dedi u. Tramp Ukraina bu urushda hududlarini ham, odamlarini ham yo‘qotayotganini ta’kidladi.
Bundan oldin Reuters va The Washington Post nashrlari AQSh Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzishga majburlash niyati borligi haqida xabar bergan edi. Rad etilgan taqdirda AQSh Ukraina harbiylariga qurol yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini uzatishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.
Trampning «tinchlik rejasi»ni sharhlar ekan, Zelenskiy mamlakat juda murakkab tanlov oldida qolishi mumkinligini ta’kidladi. «Yo sha’nni yo‘qotish, yoki eng muhim hamkorni yo‘qotish xavfi. Yoki 28 band, yoki juda og‘ir qish — eng og‘ir qish — va boshqa xavf-xatarlar», — dedi prezident 21 noyabr kuni Ukraina fuqarolariga qilgan murojaatida.
Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh va boshqa hamkorlar bilan muzokaralar olib borishini va Vashingtonning «tinchlik rejasi»da ko‘rsatilgan talablarga muqobil variantlar taklif etishini va’da qildi.
Shu kuni Ukraina prezidenti AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan Amerika «tinchlik rejasi» yuzasidan telefon orqali suhbatlashdi. Zelenskiyning aytishicha, qariyb bir soat davom etgan bu suhbatda shu hafta Kiyevga kelgan AQSh armiyasi vaziri Den Driskoll ham ishtirok etgan.
«Biz urushni tugatishga qaratilgan Amerika tomoni taklifining ko‘plab tafsilotlarini muhokama qilishga ulgurdik va barqaror tinchlikka erishish uchun keyingi yo‘lni munosib va haqiqatan ham samarali qilishga harakat qilmoqdamiz», — deb yozdi Ukraina rahbari Telegram’da. «Amerika va Yevropa bilan birga maslahatchilar darajasida ishlashga kelishib oldik, shunda tinchlikka yo‘l haqiqatan ham ishlaydigan bo‘ladi».
Shu orada Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha yangi rejasi Moskva bilan «mazmunan muhokama qilinmaganini» bildirdi. «Bizga rasman hech narsa kelib tushgani yo‘q, qandaydir yangiliklarni ko‘rmoqdamiz, ammo rasmiy ravishda hech narsa olganimiz yo‘q va bu bandlar mazmunan muhokama qilinmagan», — deb javob berdi Peskov jurnalistlarning Rossiya ushbu rejani ishlab chiqishda ishtirok etdimi, degan savoliga.
AQSh taklif etgan «tinchlik rejasi» hozircha rasman e’lon qilinmagan, biroq qator OAV loyiha matnidan parchalarni chop etdi. Kutilganidek, Ukraina Rossiyaga muayyan hududiy imtiyozlar berishi va o‘z armiyasini qisqartirishi kerak bo‘ladi. AQSh va Yevropa esa Ukrainani tiklashga mablag‘ ajratishni o‘z zimmasiga oladi, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, Moskva va Vashington esa uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolaydi. Axios’ning ma’lumotlariga ko‘ra, reja Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutadi, unga muvofiq AQSh va yevropalik ittifoqchilar Ukrainaga qilingan har qanday hujumni butun «transatlantik hamjamiyat»ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqida Oq uy rejasiga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirildi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina rahbarlari «o‘zaro tushunishga erishish uchun boshlang‘ich nuqta» sifatida «front chizig‘i»ni qabul qilish lozim, deb hisoblaydi, shu bilan birga Ukraina armiyasi mamlakat suverenitetini samarali himoya qila oladigan darajada qolishi kerakligini ta’kidlaydi.
O‘z navbatida, Kiyev Trampning «tinchlik rejasi»ni muhokama qilishga tayyor, ammo Ukraina hududiy suverenitetini savdo predmetiga aylantirish niyatida emas, shuningdek, ittifoqchilarni tanlash va qurolli kuchlar soni hamda salohiyatiga oid cheklovlarga borishni ham ma’lum qilmagan.
Mavzuga oid
22:39 / 19.06.2026
Tushunarsiz kelishuv: Tehron uni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilmoqda
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
21:38 / 19.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida Shveytsariyadagi muzokaralar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
20:51 / 19.06.2026