Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeP sobiq deputati Rossiya manfaati yo‘lida pora olgani uchun 10,5 yilga qamaldi
Britaniyalik siyosatchi Neytan Gill Yevropa parlamentida rossiyaparast chiqishlar qilishi evaziga pora olgani uchun o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Foto: Ilyas Tayfun Salci/Anadolu/picture alliance
Yevropa parlamentining sobiq vakili va Uelsdagi o‘ng populistik Reform UK partiyasi sobiq rahbari Neytan Gill Yevropa manfaatiga zid ravishda Rossiya Federatsiyasining siyosiy manfaatlarini ilgari surish uchun pora olganini oldinroq tan olgan edi. Endi u Buyuk Britaniyada 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Londondagi Old-Beyli markaziy jinoyat sudida bo‘lib o‘tgan majlis yakunlaridan so‘ng 21 noyabr, juma kuni e’lon qilingan Skotlend-Yard bayonotida aytilgan.
Hukmni o‘qib eshittirish chog‘ida sudya Bobbi Chima-Grabb sobiq yevrodeputat «o‘zining jamoatchilik vazifalarini tegishlicha bajarmaslik evaziga pul olganini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gill Yevropa parlamenti minbaridan Ukrainaga nisbatan Moskva uchun manfaatli bo‘lgan bayonotlarni taratgan. Sudya Gillning harakatlari Buyuk Britaniya milliy xavfsizligiga tahdid solganini alohida urg‘uladi.
Sentyabr oyida 52 yoshli Gill pora olish bilan bog‘liq ayblovlarning sakkiz band bo‘yicha aybini tan olgan edi. Bu ayblovlar unga 2018 yil dekabridan 2019 yil iyuligacha – u Yevroparlament deputati bo‘lgan davrda tushgan pul mablag‘lariga taalluqli. Prokuror Mark Xeyvud ma’lumotlariga ko‘ra, Gill pora evaziga, jumladan, o‘zi bilan bog‘liq shaxslar manfaatiga mos mavzularni Yevroparlamentda ko‘tarib chiqqan va ularning manfaati yo‘lida tadbirlar tashkil qilgan. Siyosatchi 2020 yilda Yevroparlamentni tark etgan, chunki Buyuk Britaniya YeI tarkibidan chiqqan.
Buyuk Britaniya tergovi shuni aniqladiki, Uelsdagi Reform UK partiyasining sobiq rahbari pullarni Oleg Voloshindan olgan. Voloshin — sobiq ukrainalik siyosatchi, u 2019–2022 yillarda Viktor Medvedchuk rahbarligidagi «Oppozitsion platforma – za jizn» partiyasidan Ukraina Oliy Radasi deputati bo‘lgan. Medvedchukni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin odami sifatida ham tilga olishadi.
Siyosiy faoliyati davrida Voloshin rossiyaparast pozitsiyani faol targ‘ib qilgan — jumladan, «DXR» va «LXR» tuzilmalarining paydo bo‘lishini oqlab kelgan. Siyosatchining Rossiya bilan Ukrainada «vaziyatni izdan chiqarish»ga qaratilgan ehtimoliy aloqalari fonida 2022 yilda u AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
2023 yilda Ukrainada Voloshinga davlatga xiyonat aybi qo‘yildi. Biroq bu vaqtga kelib u mamlakat hududida bo‘lmagan — Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiyaning to‘laqonli hujumi boshlanishidan sal oldinroq mamlakatni tark etgan. Ukrainadagi «Stopkor» loyihasi xabariga ko‘ra, Voloshin oilasi bilan Belarusda.
Oleg Voloshin bilan Germaniyadagi o‘ng populistik «Germaniya uchun muqobil» partiyasi vakili Maksimilian Kra o‘rtasida ham aloqadorlik bor, deb hisoblanadi. 2023 yil dekabr oyida AQSh Federal tergov byurosi vakillari Krani Kremlga yaqin manbalardan «shubhali to‘lovlar» olgan-olmagani yuzasidan so‘roq qilgan.
Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari qo‘liga Voloshin va Kra o‘rtasidagi yozishmalar tushgan, unda rossiyaparast faol nemis o‘ng populisti bilan qandaydir «texnik topshiriqlar» uchun «kompensatsiya» masalalarini muhokama qilgan. Bundan tashqari, Kraning ismi Chexiya Moskva bilan bog‘liq deb hisoblayotgan Voice of Europe onlayn-platformasi atrofidagi mojaro paytida ham tilga olingan.
Sentyabr oyida Bundestag Kraning parlament immunitetini korrupsiya va Xitoy fondlari orqali pul yuvishda gumon qilingan tergov munosabati bilan bekor qildi. Siyosatchi Rossiya bilan aloqadorlik haqidagi ayblovlarni rad etmoqda.
Mavzuga oid
14:42
Lev Shlosbergga nisbatan “feyklar” ishi bo‘yicha yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
09:21
Kushner – tinchlik bo‘yicha muzokarachi: Ukrainani nima kutmoqda?
07:20
Rossiya–Qozog‘iston, Argentina–Chili: dunyodagi eng uzun chegaralar ro‘yxati
22:02 / 05.12.2025