Jahon | 19:13 / 24.11.2025
4616
2 daqiqa o‘qiladi

RFning Ternopilga zarbasi: 34 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi

Ternopilda 19 noyabr kuni Rossiya hujumi sodir bo‘lgan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi. Turar joy uylariga berilgan zarba natijasida 34 kishi halok bo‘ldi. Olti kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Foto: Vlad Kravchuk/AP Photo/dpa

19 noyabr kuni Ternopilga amalga oshirilgan Rossiya raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 34 kishiga yetdi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Taras Pastux yakshanba, 23 noyabr kuni ma’lum qildi. «Biz shuni qayd etishimiz mumkinki, 34 kishi halok bo‘lgan, ulardan 33 nafarining shaxsi aniqlandi», — dedi u Telegram’dagi videomurojaatida.

Pastuxning so‘zlariga ko‘ra, yana bir jasad erkakka tegishli, uning shaxsini mutaxassislar aniqlamoqda. Bedarak yo‘qolganlar sifatida olti kishi — ikki erkak, uch ayol va bir bola ro‘yxatga olingan.

Kecha kechqurun — hujumdan so‘ng to‘rtinchi kuni — Ternopilda qidiruv-qutqaruv ishlari to‘xtatildi. Pastuxning aytishicha, hozir politsiya xodimlari uy qaysi turdagi qurol bilan yo‘q qilinganini aniqlash uchun dalillar izlayapti.

«Bu Rossiyaning X-101 turidagi raketa zarbasi bo‘lgan, degan taxmin bor, ammo tergov uchun dalillar yig‘ib olinishi lozim», — dedi u. Pastux qo‘shimcha qilishicha, ushbu uyni ko‘zdan kechirish jarayonida hozircha bedarak yo‘qolganlar deb hisoblanayotgan boshqa insonlarning jasadi ham topilishi mumkin.

Chorshanbaga o‘tar kechasi, 19 noyabrda, Rossiya qo‘shinlari raketalar va dronlardan foydalanib Ternopilga qo‘shma zarba berdi. Natijada to‘qqiz qavatli turar joy uyi qisman quladi, yana bir to‘qqiz qavatli uyga jiddiy zarar yetdi.

Rossiya harbiylari Ternopilda tinch aholi halok bo‘lgani haqida hech qanday izoh bermagan. Shu bilan birga, RF Mudofaa vazirligi zarba harbiy-sanoat majmuasi va energetika obektlariga berilganini iddao qilmoqda.

Mavzuga oid