Jahon | 11:28 / 24.11.2025
2037
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning ilm-fanga qarshi urushi: cheklovlar xorijlik talabalarning AQShga kelishiga qanchalik ta’sir qildi?

Avgust oyida Amerika aeroportlariga chet ellik talabalarning kirib kelishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga kamaygandi. Keyingi statistik raqamlar tafovut bu darajada katta emasligini ko‘rsatgan. Xususan, oktyabr oyi holatiga ko‘ra, bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha faol talaba vizalari o‘tgan yilga nisbatan atigi 0,9 foiz va 1,7 foizga kamaygan, doktorantura vizalari esa 2 foizga oshgan. Bu nima bilan bog‘liq?

Foto: REUTERS

Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan ilmiy tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablag‘larni keskin kamaytira boshladi. Keyin navbat vizalarga keldi. Xususan, may oyiga kelib minglab xalqaro talabalarning vizalari vaqtincha bekor qilindi. Iyunda esa Harvardda o‘qishni boshlashi kerak bo‘lgan yangi xorijiy talabalarning mamlakatga kirishi vaqtincha cheklab qo‘yildi. AQShda akademik erkinlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchaydi. Ba’zi taniqli olimlar ishdan bo‘shadi. Ko‘plab universitetlar federal mablag‘ evaziga o‘quv dasturlarining davlat tomonidan yanada qat’iy nazorat qilinishiga rozi bo‘ldi.

Ilm-fan va universitetlarga qarshi bunday bosim joriy o‘quv yilida chet ellik talabalarni Amerikada o‘qishdan qaytarishi kutilgandi. Ajablanarlisi shundaki, hozirgacha mavjud ma’lumotlar talabalarning ro‘yxatdan o‘tishida keskin pasayish bo‘lmaganini ko‘rsatyapti, deb yozadi The Economist.

Yil boshidagi belgilar buning aksi edi. Studyportals platformasi birinchi chorakda Amerikadagi bakalavr va magistratura kurslariga xorijdan tashrif buyuruvchilar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizdan ko‘proqqa kamayganini qayd etdi. Doktorantura bo‘yicha bu ko‘rsatkich uchdan birga qisqargandi.

Bir qarashda, Xalqaro savdo boshqarmasi ma’lumotlari inqirozni tasdiqladi. The New York Times xabariga ko‘ra, avgust oyida Amerika aeroportlariga chet ellik talabalarning kirib kelishi o‘tgan yilning shu paytiga nisbatan 19 foizga kamaygan. Bu esa joriy yilda yangi talabalar sonining keskin tushganini ko‘rsatishi mumkin.

Ammo Ichki xavfsizlik vazirligi raqamlari butunlay boshqacha manzarani aks ettirdi. Oktyabr oyi holatiga ko‘ra, bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha faol talaba vizalari o‘tgan yilga nisbatan atigi 0,9 foiz va 1,7 foizga kamaygan, xolos. Doktorantura vizalari esa 2 foizga oshgan.

Unda bu tafovut nimadan? Agar kirib kelgan talabalar sonining kamayishi haqiqatan ham yangi talabalar miqdorining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lganida, umumiy viza soni o‘zgarmasligi uchun ko‘proq bitiruvchilar o‘qishni tugatgach, AQShda qolgan bo‘lishi talab etilardi. OPT dasturi (Optional Practical Training) bitiruvchilarga o‘z yo‘nalishiga mos sohada vaqtinchalik ishlashga va talaba vizasi bilan AQShda qolishga imkon beradi. 2025 yil bo‘yicha OPT ma’lumotlari hali e’lon qilingani yo‘q. 2023 yildan 2024 yilga o‘tishda OPT ishtirokchilari 21 foizga oshib, qariyb 200 ming nafarga yetgan. Ammo yangi talabalar 20 foizga qisqarganini qoplashi uchun OPT ishtirokchilari qariyb 40 foizga oshgan bo‘lishi kerak.

Eng sodda tushuntirish shuki, yozda mamlakatdan chiqib ketayotgan talabalar soni kamaygan. Shuning uchun kuzda qaytib keluvchilar ham kam bo‘lgan. Ko‘plab universitetlar talabalarga yozda mamlatni tark etmaslikni maslahat bergandi, chunki ular qayta kirishda muammolar paydo bo‘lishidan qo‘rqqan. 

Boshqa dalillar ham shu omilni qo‘llab-quvvatlaydi. Eng keskin pasayish nisbatan kambag‘al mamlakatlardan keladigan talabalar orasida kuzatilgan. Boyroq davlatlardan keluvchilar soni esa deyarli o‘zgarmagan. Ammo faol vizalar statistikasi bunday tafovutni ko‘rsatmaydi. Demak, kamroq daromadli mamlakatlardan kelgan talabalar chegaradan chiqib ketishga xavotirlangan bo‘lishi mumkin.

Yangi xalqaro talabalar haqidagi ma’lumotlarini faqat ayrim universitetlargina e’lon qilgan. Ivy Coach konsalting markaziga ko‘ra, eng yaxshi 50 ta oliygohda xalqaro talabalar ulushi deyarli o‘zgarmagan (Michigan universitetida esa bu ulush 4 foizdan 18 foizga oshgan). Pastroq reytingga ega universitetlar esa yangi to‘siqlar fonida ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin, chunki ularda reputatsiya bilan yangi talabalarni jalb qilish imkoniyati yo‘q. 

Amerika hukumati tomonidan chet ellik talabalarga nisbatan sovuqqon munosabat va boshqa davlatlarning jozibali takliflari istiqbolda xorijdan eng iqtidorli yoshlarni jalb qilish imkoniyatini susaytirish ehtimoli katta. Hozircha eng nufuzli universitetlar dunyo iqtidorlarini kuchli magnitdek o‘ziga tortishda davom etyapti.

Mavzuga oid