Jahon | 20:39 / 24.11.2025
5788
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning Ukraina bo‘yicha rejasidan 9 band olib tashlandi – OAV

Bu Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilari hujjatdagi bir qator talablarning maqbul emasligini ko‘rsatganidan so‘ng yuz bergani ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh rejasi Jyenevadagi muzokaralarda sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqildi: u 28 banddan 19 bandga qisqartirildi, deb xabar berdi Financial Times nashrining muhokamalar jarayonidan xabardor manbalari.

Qaysi bandlar olib tashlangani aniq aytilmagan, biroq bu Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilari hujjatdagi bir qator talablarning maqbul emasligini ko‘rsatganidan so‘ng yuz berdi. Xususan, Ukraina armiya sonini cheklash va hududiy yon berishlar, jumladan Donbassni topshirish bo‘yicha o‘zining «qizil chiziqlari»ni eslatib o‘tgan edi. Yevropa uni qo‘llab-quvvatladi, shuningdek muzlatilgan Rossiya aktivlari bo‘yicha qaror qabul qilish va Bryussel tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish masalasida o‘zining mutlaq huquqini ta’kidladi.

«Hamma ko‘rgan 28 bandli tinchlik rejasi endi mavjud emas. Ba’zi bandlar olib tashlandi, ba’zilari o‘zgartirildi», deb tasdiqladi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Oleksandr Bevz. Uning ta’kidlashicha, «Kiyevning birorta e’tirozi e’tiborsiz qoldirilmagan».

Ilgari Oq uy 23 noyabr kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida AQSh va Ukraina urushni tugatish bo‘yicha «yangilangan va aniqlashtirgan» rejani ishlab chiqqanini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, tomonlar kelajakdagi har qanday kelishuv Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi va «barqaror hamda adolatli tinchlikni ta’minlashi» kerakligiga kelishib oldi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio muammoga yechim topish yo‘lida «ulkan» yutuqlarga erishilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, reja hali puxtalanishi kerak, biroq «oqilona muddatlarda» kelishuvga erishish uchun asoslar bor. Yakuniy matnni AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy ma’qullashi kerak, shundan so‘ng hujjat Moskvaga yuboriladi.

«Rostdan ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida jiddiy siljish bo‘lishi mumkinmi??? O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaguncha ishonmang, lekin ehtimol, yaxshi narsa sodir bo‘layotgandir», deb yozdi Tramp 24 noyabr kuni o‘zining Truth Social tarmog‘ida. Bungacha u Ukraina rejani 27 noyabrgacha qabul qilishini ta’kidlagan, biroq keyinchalik taklif etilayotgan hujjat AQShning «yakuniy taklifi» emasligini aytgan.

Yevropaliklar kelgusi haftada Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ishtirokida navbatdagi uchrashuvlarni kutmoqda. Shuningdek, muhokamalarga Polsha, Finlyandiya rahbarlari va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham qo‘shilishi mumkin. «Biz hayotiy bo‘lgan qarshi taklifni ishlab chiqishga harakat qilmoqdamiz», dedi diplomatlardan biri FT nashriga. O‘z navbatida, yevropalik amaldor agar natijaga erishmasa, Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni butunlay to‘xtatishi mumkinligi xavfini tasdiqladi. «Biz bunday ssenariyga ham tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz», dedi u.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 24 noyabr kuni Moskva AQShdan Jyenevada tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralar haqida rasmiy ma’lumot olmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya vakillarining bu hafta uchrashuvlari ham rejalashtirilmagan.

Mavzuga oid