Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh tinchlik rejasini qisqartirdi – va endi Rossiyani uni qabul qilishga ko‘ndirmoqchi
Foto: Reuters
AQSh prezidentining maxsus vakili Den Driskoll bugun Abu-Dabida Rossiya vakillari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda, unda Donald Trampning urushni to‘xtatish rejasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Politico manbalarga tayanib yozmoqda.
Driskoll 24 noyabr kuni kechqurun Abu-Dabiga uchib kelgan, CBS News xabariga ko‘ra, u allaqachon Rossiya vakillari bilan bitta uchrashuv o‘tkazishga ulgurgan, bugun esa yana bir muzokara o‘tkaziladi.
Politico nashri ta’kidlashicha, Abu-Dabidagi muzokaralarda Driskoll AQSh pozitsiyasini ifodalovchi yagona yuqori martabali amaldor hisoblanadi. Shveytsariyada ukrainlar bilan muzokaralar olib borgan davlat kotibi Marko Rubio va maxsus vakil Stiv Uitkoff allaqachon Vashingtonga qaytgan. Abu-Dabiga Rossiya tomonidan kimlar borgani noma’lum. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu safargi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi ham ishtirok etayotganini rasman tasdiqlashdan ham bosh tortgan.
Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvga Driskoll tinchlik rejasining takomillashtirilgan yangi versiyasi bilan (unga Ukraina tomoni e’tirozlaridan keyin tuzatishlar kiritilgan) yo‘l oldi. Bir kun oldin Financial Times va keyinchalik boshqa ko‘plab nashrlar yangi versiyada avvalgidek 28 ta o‘rniga 19 ta band qoldirilganini xabar qilgandi.
Aynan qaysi bandlar chiqarib tashlangani oxirigacha aniq emas. ABC News’ning ta’kidlashicha, yangi versiyada Ukraina qurolli kuchlari soni qisqartirilishi, shuningdek, tomonlarning mojaro paytidagi harakatlari uchun to‘liq amnistiya haqida so‘z ketmaydi (avvalroq OAVda bu bandni G‘arb yordami bo‘yicha tekshiruvlardan qochish uchun ukrainlarning o‘zi kiritgani haqidagi versiya paydo bo‘lgandi).
Bloomberg manbalari esa rejaning yangi versiyasida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 milliard dollarini (Yevroittifoqdan yana 100 milliard dollar) Ukrainani tiklash dasturlariga investitsiya qilish haqidagi band olib tashlanganini aytmoqda. Avvalroq bu bandga Yevroittifoq vakillari qarshi chiqqandi. Yevropa Ittifoqi hozirda Rossiya aktivlarini Ukraina ehtiyojlari uchun to‘liq (faqat 100 milliard dollar bilan cheklanmasdan) musodara qilish imkoniyatini faol muhokama qilmoqda.
Politico yozishicha, hududiy masalalar ham reja doirasidan tashqariga chiqarilgan. Bu masala Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida muhokama qilishi taxmin qilinmoqda. Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerov bugun Ukraina prezidentining Vashingtonga tashrifi noyabr oyi oxirigacha rejalashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Jyenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSh va Ukraina kelishuv rejasi bo‘yicha «umumiy kelishuv»ga erishganini aytdi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt ham avvalroq aksariyat bandlar kelishib olinganini va «faqat bir necha hal qilinmagan masala qolgani»ni ta’kidlagan edi.
O‘z navbatida, Dmitriy Peskov AQSh hali Rossiyani rejaning yangi versiyasi bilan rasman tanishtirmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Moskvada 28 banddan iborat dastlabki reja «substantiv loyiha» deb hisoblanishi, u «muzokaralar uchun juda yaxshi asos bo‘lishi mumkinligi»ni ta’kidlagan.
Peskov Moskvadagilar AQSh va Ukraina maslahatlashuvlari jarayonida rejaga tuzatishlar kiritilayotganini «to‘g‘ri tushunishi»ni qayd etdi, biroq Kreml hozircha amerikaliklardan kiritilgan o‘zgarishlar haqida hech qanday ma’lumot olmaganini aytib, yangi versiya yuzasidan izoh bermadi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025