Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Frontdagi vaziyat Ukrainani kelishishga majbur qiladigan darajadami?
Front chizig‘ida tashabbusni Rossiya o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa-da, Ukrainaning mudofaa salohiyati saqlanib turibdi. Shu bilan birga, Kiyev uchun xalqaro donorlar ko‘magi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xo‘sh, AQShning bosimi va frontdagi joriy holat ukrainlarni yoqimsiz shartlardagi kelishuvga majburlashi mumkinmi? Mavzu Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida muhokamasida.
— Frontdagi vaziyat Ukrainani Rossiya bilan kelishishga majbur qiladigan holatdami?
Abduvali Soyibnazarov: Frontdagi vaziyat real holatda og‘ir. Ayni paytda tashabbusning muhim qismi Rossiya qo‘lida ekani kuzatiladi. Masalaning iqtisodiy tomoni ham bor: Jahon banki prognozlariga ko‘ra, agar barqarorlik saqlansa, 2026 yilda Ukraina iqtisodiyoti atigi 2 foizga o‘sishi mumkin. Shu bilan birga, davlat budjetining potensial taqchilligi hozircha taxminan 80 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.
Harbiy vaziyatga qaytsak, jarayonlar murakkab va dinamik. Rossiya qo‘shinlari Chasiv-Yar yo‘nalishidan tortib Konstantinovkagacha bo‘lgan chiziqda sezilarli hududlarni egallab, taktik ustunlikka erishgan. Ukrainada esa o‘q-dori tanqisligi davom etmoqda. Ukraina mudofaasi asosan dronlar yordamida ushlab turilibdi, ammo G‘arbdan kelayotgan snaryadlar hajmi sezilarli darajada kamaygan.
Harbiy yordam bo‘yicha ham noaniqlik kuchaymoqda. Yevropada muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish yoki yordamni milliy budjetlar hisobidan davom ettirish bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud. Bu fon ichida Ukrainada yuzaga kelayotgan korrupsiya mojarolari ham siyosiy pozitsiyani zaiflashtiryapti.
Shu bilan birga, bu holat front yaqin orada yorilishi yoki Ukraina qarshilik ko‘rsata olmay qolishini anglatmaydi. Biroq umumiy manzara harbiy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan vaziyatning murakkablashayotganini ko‘rsatmoqda.
Shuhrat Rasul: Avvalo, budjet taqchilligi masalasiga to‘xtalsak: ha, Ukrainada budjet kamomadi mavjud va urush boshlanganidan beri bu defitsit asosan donor davlatlar tomonidan qoplab kelinmoqda. 2025 yil uchun ajratilgan mablag‘lar allaqachon tasdiqlangan bo‘lib, donorlar bu defitsitni to‘liq qoplab bermoqda. 2026 yil uchun ham moliyaviy yordam paketlari mavjud. Norvegiya, Yaponiya va boshqa davlatlar tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar aynan ijtimoiy xarajatlar va davlat boshqaruvi uchun mo‘ljallangan, qurol-yarog‘ uchun emas.
Bu nuqtayi nazardan, Ukrainani Rossiya bilan solishtirganda farq juda katta. Ayni paytda Rossiyada vaziyat ancha og‘ir. 2025 yil uchun Rossiya budjeti dastlab 1,2 trillion rubl defitsit bilan rejalashtirilgan edi, bu YaIMning taxminan 5 foiziga teng bo‘lishi kerak edi. Biroq hali noyabr yakunlanmasidan kamomad 5 trillion rublgacha oshdi, ya’ni deyarli to‘rt barobar ko‘paydi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yil oxirigacha Rossiya yana taxminan 4 trillion rubl to‘lovni amalga oshirishi kerak. Shunday bo‘lsa, umumiy kamomad 8 trillion rubldan oshishi mumkin. Bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 110 milliard dollar degani. Rossiyaning umumiy yillik budjeti esa 370–380 milliard dollar atrofida baholanadi, shuning uchun bu ko‘rsatkich juda og‘ir moliyaviy bosimni anglatadi. 2026 yil uchun Rossiya rasmiy ravishda budjet taqchilligini 3,7 trillion rubl deb belgilamoqda.
Tushuntirish uchun: defitsit – bu davlat xarajatlari daromadlardan yuqori bo‘lgan holat. Bunday kamomadni yopishning ikki modeli bor: fiskal (soliqlarni oshirish) va monetar (pul emissiyasi orqali). Rossiya hozir fiskal modelni tanlagan. Shuning uchun mamlakatda qo‘shilgan qiymat solig‘i oshirildi, foyda solig‘i 25 foizgacha ko‘tarildi, hatto jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i ham oshirildi. Ukraina esa soliq yukini oshirgani yo‘q.
Rossiya uchun eng katta xavf – neft narxining tushishi. 2025 yil uchun budjet hisob-kitoblari yuqori narxlarga asoslangan bo‘lsa-da, real bozorda neft narxi 36 dollargacha pasaygan. Agar shu tendensiya davom etsa, 2026 yilda Rossiya budjet defitsiti YaIMning 20-25 foizigacha chiqishi mumkin – bunday ko‘rsatkich hatto 1990-yillar iqtisodiy inqirozi davrida ham kuzatilmagan.
Kamoliddin Rabbimov: Aslida frontdagi hozirgi vaziyat Ukraina taslim bo‘ladigan darajada emas. Tinchlik kelishuvlari masalasi – Donald Tramp tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus. Ukraina taslim bo‘lish holatida emas va kurashishni davom ettirishga tayyor. Albatta, Ukrainada muammolar bor: inson resurslari yetishmovchiligi, qurol-aslaha, uzoq masofali raketalar ta’minoti va boshqa jihatlar bo‘yicha bosim mavjud. Biroq Yevropa Ittifoqini hisobga olsak, vaziyat boshqacha ko‘rinadi.
Yevropa Ittifoqi – juda boy mintaqa: yarim milliardga yaqin aholi, yalpi ichki mahsulot esa Rossiyanikidan bir necha barobar yuqori. Shu sababli Yevropa Ittifoqi o‘z xavfsizligi uchun Ukrainaga yordam berishda davom etishga tayyor.
Demak, na Ukraina va na Yevropa taslim bo‘lmoqda. Hozirgi diplomatik jarayon esa asosan Trampning siyosiy tashabbusi. U saylov kampaniyasi davomida “urushni bir kunda to‘xtataman” deb va’da bergan va hozir ana shu va’daning siyosiy natijalarini yaratishga urinmoqda. Agar G‘arb, xususan, AQSh bosim o‘tkazmasa va vaziyatni o‘z holicha qoldirsa ham, urush hali davom etadi va Ukraina qarshilik ko‘rsatadi.
Suhbatni to‘liq Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025