Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MSC raisi o‘rinbosari: Ukraina mag‘lubiyati YeIni kuchsiz global o‘yinchiga aylantiradi
Agar Ukraina Rossiya bilan urushda yutqazsa, bu «Yevropa ittifoqining global o‘yinchi sifatidagi nufuzini zaiflashtiradi», deb ta’kidladi DW'ga bergan intervyusida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) raisining o‘rinbosari.
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) raisining o‘rinbosari Benedikt Franke Yevropa davlatlarini Rossiya boshlab bergan Ukrainaga qarshi urushda bu mamlakatning mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
«Bu (mag‘lubiyat) bizning global o‘yinchi sifatidagi nufuzimizni zaiflashtiradi, shuning uchun biz Ukraina bu urushda yutqazishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi Franke dushanba kuni, 24 noyabrda, Yoxannesburgda o‘tgan G20 sammitida DW'ga bergan intervyusida.
Yevropa har doim «hududiy suverenitet va hamfikr mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash kabi prinsiplarni himoya qilib kelgan» bir paytda, o‘z va’dalarini bajarmay qolsa, «armiyalarimiz bilan joylarda qilayotgan barcha ishlarimiz, harbiy chaqiriq, xarajatlarimiz ma’nosiz bo‘lib qoladi», deya ta’kidladi DW suhbatdoshi.
Yevropa, agar AQSh Kiyevga yordamdan voz kechsa, Ukrainaga ushbu urushda g‘alaba qozonishi uchun zarur qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsata oladimi, degan savolga Franke ijobiy javob berdi. «Bizda moliyaviy imkoniyatlar bor va, o‘ylashimcha, aholi orasida ham zarur darajada siyosiy iroda mavjud», — dedi Benedikt Franke.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni sharhlar ekan, MSC raisining o‘rinbosari «hammasi boshqacharoq kechganini, yevropaliklarni harakat qilishga va birlashishga majbur etish uchun har doim ham AQShdan shunday kutilmagan tashabbuslar talab qilinmasligini» istashini aytdi. Shu bilan birga, u Jyenevada AQSh, Ukraina va YeI vakillari o‘rtasida AQShning «tinchlik rejasi»ni qayta ishlash bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuv tinchlik muzokaralariga «yangi turtki berganini» tan oldi.
«Biz pozitsiyalarning mustahkamlanayotganini ko‘ryapmiz. Hozirda Yevropaning birdamligini ko‘ryapmiz. Demak, bu yaxshi», — deya qayd etdi Franke.