Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nemislarning yarmidan ko‘pi Ukrainaga bundesver askarlarini yuborishni qo‘llab-quvvatladi
Germaniya Ukrainaga Yevropa tinchlikparvarlik missiyasi doirasida harbiylar yuborishi kerak, deb hisoblaydiganlar soni nemislar orasida 56 foizni tashkil etdi. The Berlin Pulse so‘rovida qatnashganlardan faqat 21 foizi Vladimir Putin Ukrainada tinchlikka muzokaralar orqali erishishni istaydi, deb ishonadi.
Germaniya aholisining yarmidan ko‘prog‘i, aniqrog‘i — 56 foizi, Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolangan taqdirda Yevropa tinchlikparvarlik missiyasi doirasida bundesver askarlarini Ukrainaga yuborishni ma’qullashini bildirgan. Bu haqda Forsa jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti tomonidan Kyorber jamg‘armasi (Körber Stiftung) buyurtmasiga binoan o‘tkazilgan The Berlin Pulse yillik so‘rovi natijalari guvohlik beradi. U seshanba, 25 noyabr kuni e’lon qilindi.
Respondentlarning 59 foizi Rossiya tajovuziga qarshilik ko‘rsatayotgan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettirish tarafdori ekanini aytdi. Shu bilan birga, so‘rovdan o‘tganlarning faqat 21 foizi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, umuman olganda, Ukrainada tinchlikka muzokaralar orqali erishishga qiziqish bildirmoqda, deb hisoblaydi.
So‘rov natijalaridan ko‘rinib turibdiki, shu fonda nemislar orasida o‘ziga xos xavfsizlik borasidagi xavotir kuchayib bormoqda. Tadqiqotda qatnashganlarning 47 foizi Moskva tomonidan harbiy tahdidni «juda yuqori» deb baholagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada ko‘p. O‘shanda o‘xshash so‘rovda shunday fikrni respondentlarning 39 foizi bildirgan edi. Nemislarning 54 foizi shuningdek, Rossiya ularning mamlakatidagi jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga urinishi mumkinligidan xavotirda.
Shu bilan birga, nemislarning 72 foizi Germaniya hukumati yaqin o‘n yillikda mamlakat mudofaa xarajatlarini ikki baravarga oshirish niyatini ma’qullaydi. Biroq so‘rovda qatnashganlarning 61 foizi Germaniya Yevropada mudofaa sohasida yetakchi rol o‘ynashini xohlamasligini bildirdi.
Umuman olganda, so‘rov ishtirokchilarining yarmidan sal kamrog‘i (48 foiz) Germaniya xalqaro inqirozlarni hal etishda yanada faolroq rol o‘ynashi kerak, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, 43 foiz respondent, aksincha, Berlin bu borada vazminroq pozitsiyani egallashini istashini aytdi.
Bu masalada Germaniyaning g‘arbiy va sharqiy qismi o‘rtasida aniq tafovut kuzatildi. Xususan, GFRning yanada ehtiyotkorona pozitsiyasi tarafdorlari sobiq GDR hududida istiqomat qiluvchilar orasida 52 foizni, g‘arbdagi nemislar orasida esa «atigi» 42 foizni tashkil etdi. Xalqaro inqirozlarni hal etishda o‘z mamlakati yanada faolroq bo‘lishini istovchilar ulushi g‘arbiy Germaniyada 51 foiz, sharqiy qismda esa 35 foizga teng. Bu jihatdan, respondentlarning 72 foizi, birinchi navbatda, Berlin diplomatik tashabbus ko‘rsatishini istashini ta’kidladi.
Xalqaro siyosat sohasida asosiy muammo nima, degan savolga ishtirokchilarning 45 foizi Ukrainadagi urushni, 39 foizi Yaqin Sharq mojarosi bilan bog‘liq muammolar majmuasini, 33 foizi esa AQSh bilan munosabatlarni qayd etdi.
Germaniya aholisining o‘z mamlakati bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi fikri bo‘yicha esa, respublikachi Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga qaytganiga deyarli bir yil o‘tganidan so‘ng, so‘rovda qatnashganlarning 73 foizi bu munosabatlarni «yomon» deb atagan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yili, AQShda prezident Jo Bayden hokimiyatda bo‘lgan paytda, The Berlin Pulse so‘rovi ishtirokchilarining 74 foizi Berlin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni «yaxshi» deb baholagan edi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida ilk bor nemislar AQShni xalqaro siyosat sohasida Germaniyaning eng muhim hamkori deb hisoblashdan to‘xtadi. Bu o‘rinni Fransiya egalladi: respondentlarning 46 foizi GFR uchun xalqaro maydonda eng muhim sherik sifatida aynan Fransiyani ko‘rsatdi. AQShni eng muhim hamkor, deb hisoblaganlar ulushi 26 foizni tashkil etdi.
Nemislarning faqat 38 foizi Vashingtonni Ukrainadagi urush masalasida ishonarli hamkor, deb biladi. 23 foiz so‘rovdan o‘tganlar AQShni jahonda demokratiya uchun kurashda Germaniyaning hamkori deb atadi.
Shu bilan birga, tadqiqot ishtirokchilarining 38 foizi AQShni GFR uchun iqtisodiy tahdid, deb baholagan. O‘tgan yili bunday fikrni faqat 17 foiz nemislar bildirgan edi. Respondentlarning 35 foizi Germaniya Amerika «harbiy-yadroviy soyaboni» orqali himoyaga tayana oladi, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, so‘rovdan o‘tganlarning 75 foizi Berlin Fransiya va Britaniyaning yadroviy himoyasi Germaniyaga ham tegishli bo‘lishi yuzasidan kelishuvga erishishga harakat qilishi kerak, deb hisoblaydi.
Bugun Germaniyada o‘tgan yilga nisbatan Xitoyning tobora ortib borayotgan ta’sirini manfiy omil deb hisoblovchilar kamaygan. Aniqrog‘i, bu fikrni nemislarning 50 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda, o‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 61 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, nemislarning 42 foizi Xitoy ta’sirining o‘sishiga nisbatan neytral munosabatda, 7 foizi esa ijobiy qaraydi.
Shunga qaramasdan, so‘rov ishtirokchilarining 59 foizi Xitoyni «katta iqtisodiy tahdid» deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Tayvanda Pekin bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda, unga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan nemislar ulushi qisqargan: 2024 yilda 31 foiz bo‘lgan bu ko‘rsatkich hozirgi kunda 24 foizga tushgan.
Mavzuga oid
22:13
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
20:34
Kapotnyadagi zavodga Rossiya raketasi tushgani ma’lum qilindi
18:17
Solovyov dronlar hujumini tasvirga olganlarni qamashni talab qildi
08:58