Jahon | 16:05 / 25.11.2025
2263
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning neft-gaz daromadlari noyabrda 35 foizga qisqaradi - Reuters

Reuters agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, noyabr oyida Rossiya budjeti neft va gaz sotishdan 520 mlrd rubl miqdorida daromad oladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga kam.

Foto: picture alliance

Reuters agentligi 24 noyabr, dushanba kuni o‘z hisob-kitoblariga tayanib xabar berishicha, neft narxining arzonlashishi va milliy valuta mustahkamlanishi fonida, noyabr yakunlariga ko‘ra, Rossiyaning neft va gaz sotishdan tushadigan daromadlari yillik hisobda taxminan 35 foizga kamayib, 520 mlrd rublni tashkil qilishi mumkin.

Oktyabr oyi bilan taqqoslaganda, noyabr oyidagi daromad, foyda solig‘i to‘lovlarini hisobga olmagan holda, 7,4 foizga pasayishi kutilmoqda. Yanvardan noyabrgacha bo‘lgan davr mobaynida Rossiya budjeti neft-gaz daromadlaridan 8 trln rubl olishi prognoz qilinmoqda — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga kam.

Neft-gaz daromadlarining pasayishining asosiy sabablari sifatida agentlik neft narxining tushishi va rublning mustahkamlanishini qayd etadi. Reuters hisoblashicha, yanvardan noyabrgacha soliqlar hisob-kitobi uchun olinadigan Rossiya neftining narxi bir barrel uchun 57,3 dollargacha tushgan, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 68,3 dollarni tashkil etgan. Shu davr mobaynida rubl kursi bir dollar uchun 91,7 rubldan 81,1 rublgacha mustahkamlangan.

Rossiya neftiga bo‘lgan talab va uning narxi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan «Rosneft» va «Lukoyl» kabi neft kompaniyalariga nisbatan joriy yil oktyabr oyi oxirida qo‘shimcha sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng sezilarli darajada pasaya boshladi.

Neft-gaz daromadlari Kreml uchun moliya manbalarida eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, federal budjet tushumlarining chorak qismini ta’minlaydi, deya ta’kidlaydi Reuters. Ularning qisqarishi bir necha oydan beri qayd etilmoqda.

Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra, daromadlar 2024 yilning shu davriga nisbatan 26,6 foizga kamaygan, sentabr yakunlariga ko‘ra esa — 32 foizga. 2025 yil uchun Moliya vazirligi neft va gaz sotishdan 10,94 trln rubl daromad olishni rejalashtirgan edi, biroq neft narxlarining pasayishi fonida oktyabr oyida bu prognoz 8,65 trln rublgacha qayta ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid