Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vashington Minskdan 100 dan ortiq siyosiy mahbusni qo‘yib yuborishni talab qilmoqda
AQSh ma’muriyati Lukashenko bilan kelishuv doirasida kamida yana 100 nafar belaruslik siyosiy mahbus ozod etilishiga erishmoqchi, deb xabar berdi Reuters. Belarusning qo‘shnilariga qarshi “gibrid urushi” bu jarayonga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Foto: RIA Novosti
AQSh ma’muriyati va Aleksandr Lukashenko rejimi yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, unga muvofiq Belarus hokimiyati kamida yana 100 nafar siyosiy mahbusni ozod qiladi. Bu haqda chorshanba, 26 noyabr kuni Reuters agentligi uch xabardor manbaga tayanib xabar berdi. Qaysi mahbuslar aniq ozod etilishi va bu qachon amalga oshirilishi haqida suhbatdoshlar aniq ma’lumot bermagan.
Oq uy bu ma’lumotni izohlashdan bosh tortdi, Vashingtondagi Belarus elchixonasi esa Reuters’ning izoh taqdim etish so‘roviga javob bermadi. Manbalarga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyatining Belarus bilan kelishuvi AQShning Minskni Moskva geosiyosiy ta’sir doirasidan qisman chiqarishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasi bir qismiga aylanishi kerak.
2025 yil sentabrida AQSh va Belarus o‘rtasidagi muzokaralar natijasida Aleksandr Lukashenko 52 nafar mahbusni afv etgan, shundan so‘ng ular Litvaga olib chiqib ketilgan edi. Undan avval, 2025 yil iyunida, AQSh delegatsiyasining Minskka tashrifidan so‘ng Sergey Tixanovskiy va yana 13 nafar siyosiy mahbus ozod qilingan. 22 noyabr kuni esa Lukashenko Tramp bilan kelishuv doirasida 31 nafar Ukraina fuqarosini afv etgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda, “Vyasna” huquqni himoya qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus qamoqxonalarida kamida 1246 nafar siyosiy motivlar asosida hukm qilingan shaxslar saqlanmoqda. Ular orasida Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzodlar va Nobel mukofoti laureatlari ham bor.
Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris Belarusdan Litvaga kontrabanda yuklar bo‘lgan meteorologik sharlarning doimiy ravishda uchirilishi Minsk va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xalal berishi mumkinligini ma’lum qildi. “Bu (belarus–amerika muzokaralariga – tahr.) bevosita va jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini tasdiqlay olaman, – dedi Budris LRT telekanaliga. – Belarus rejimi NATO ittifoqchisiga qarshi gibrid hujumlar uyushtirayotgani juda katta ahamiyatga ega”.
Litva 20 noyabrdan boshlab Belarus bilan chegaradagi ikkita o‘tkazish punktini qaytadan ochdi, ular avval, Vilnyus aeroporti ishiga xalal bergan kontrabanda sharlari sabab bir oyga yopilgan edi. Shunga qaramay, sharlar uchib kelishda davom etmoqda, Minskdagi hokimiyat esa Litvaning yuzlab yuk mashinalarini hanuz Belarus hududidan chiqarmasdan ushlab turibdi.
Litva TIV rahbari fikricha, Lukashenko bu vositalar orqali YeIni muzokaralar olib borishga majbur qilmoqchi, shuningdek, ehtimol, Belarusga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga erishishni ham ko‘zlamoqda. “Bu masalalar AQSh bilan muzokaralarda ham ko‘tarilganini ko‘rdik”, – dedi Kyastutis Budris.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38