Jahon | 10:37 / 27.11.2025
3337
12 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament tinchlikni qo‘llab-quvvatladi, lekin Donbass va Qrimdan voz kechishga qarshi chiqdi

Yevropa parlamenti deputatlari Bryusseldan tinchlik jarayonida faol rol o‘ynashni, Ukrainaga RFning muzlatilgan aktivlarini berishni va Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirishni talab qilmoqda. Ular AQShning Ukrainada urushni to‘xtatish rejasini qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisobladi.

Foto: RIA Novosti / Stringer

Yevroparlamentda Yevropa Ittifoqining AQSh taklif etgan tinchlik rejasiga nisbatan pozitsiyasi va YeIning Ukrainada tinchlikka erishishdagi roli uch soat davomida muhokama qilindi. Chorshanba, 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan munozara paytida deyarli yuzga yaqin yevrodeputat so‘zga chiqdi, uch marta majlis raislari almashdi va sakkizta “ko‘k kartochka” berildi — bu degani, parlament a’zolari rais ruxsati bilan oldingi nutq so‘zlovchi bilan bevosita bahsga kirishadi.

Donald Tramp ma’muriyati tomonidan taklif etilgan reja mavzusi Strasburgdagi plenar hafta kun tartibiga shoshilinch ravishda asosiy muhokama sifatida kiritildi. Mazkur bahsda qatnashish uchun, Yevropar komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen ham o‘z rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi — u Yevroparlamentga ko‘p ham kelmaydigan mehmon. Shunga qaramay, siyosiy guruhlar yetakchilari nutqlaridan so‘ng u zalni tark etdi, debatlarni esa Yevrokomissiya nomidan yevrokomissar Valdis Dombrovskis yakunladi.

Yevrodeputatlarga murojaat qilar ekan, fon der Lyayyen YeIning tinchlik jarayonidagi ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tdi: Ukraina Qurolli Kuchlari soni cheklanmaydi, Ukraina hududi bir tomonlama taqsimlanmaydi, Ukraina uchun uzoq muddatli va mustahkam xavfsizlik kafolatlari, Kiyevning to‘liq suvereniteti va kelajagini mustaqil tanlash huquqi, jumladan YeIga qo‘shilish imkoniyati, shuningdek, Rossiya tomonidan o‘g‘irlab ketilgan har bir ukrain bolasini qaytarish.

Yevrokomissiya rahbari Ukrainaga kelasi ikki yil uchun moliyaviy yordam masalasiga to‘xtalib o‘tdi — bu yordamni ko‘rsatish majburiyatini YeI so‘nggi Yevrokengash yig‘ilishida o‘z zimmasiga olgan edi. Shundan so‘ng Yevrokomissiya YeI davlatlariga bir nechta variantlarni, jumladan RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish imkoniyatini ham taqdim etdi. Yaqin kunlarda Yevrokomissiya rasmiy qonun loyihasini chiqaradi, deya va’da berdi fon der Lyayyen. “Men faqatgina Yevropa soliq to‘lovchilari hisobni to‘laydigan ssenariyni tasavvur qilolmayman. Buni qabul qilib bo‘lmaydi”, — dedi u.

Ukraina uchun tinchlik rejasi u tomonidan “boshlang‘ich nuqta” deb ataldi: “Biz Rossiyaga bosim o‘tkazishda davom etishimiz kerak. Lekin bizning burchimizning bir qismi – adolatli va barqaror tinchlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish”.

“Kuch orqali tinchlik” haqida YeI Kengashi nomidan Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri, 2025 yil oxirigacha YeI Kengashiga raislik qilayotgan Mari Berre ham so‘z yuritdi. Uning aytishicha, faqat Rossiyaga bosim va Kiyevni qo‘llab-quvvatlash ukrainlarga o‘z xavfsizligi va erkinligini himoya qilish imkoniyatini beradi.

Berrening ta’kidlashicha, Ukraina eng kuchli pozitsiyada bo‘lishi kerak, buning eng muhim tarkibiy qismi esa uning o‘zining baquvvat harbiy va mudofaa salohiyatiga ega bo‘lishi. “Ukraina Qurolli Kuchlariga kelajakdagi hujumlar oldida uni zaif qoldiradigan hech qanday cheklovlar bo‘lmasligi lozim. Biz chegaralar kuch ishlatish orqali o‘zgartirilmasligi kerak degan tamoyilga qat’iy rioya qilamiz”, — dedi u.

YeI Kengashi vakili YeIning tinchlik jarayonida ishtirok etishi Ukrainada tinchlikka erishish uchun prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Aynan shu hal qiluvchi pallada biz bir ovozdan gapirishimiz, tanlangan kursdan chetga chiqmasligimiz va Ukrainaga keng ko‘lamli va mustahkam qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishimiz kerak, — dedi vazir. — Ukrainaning xavfsizligi – bu Yevropaning xavfsizligi”.

Yevroparlamentdagi eng yirik fraksiya – Yevropa xalq partiyasi rahbari, nemis Manfred Veber ham hammaning tinchlikni istashini, biroq Rossiya shartlari asosida emasligini aytdi. “Yo‘q, harbiy jinoyatchi mukofotlanmasligi kerak. Shu bois Ukraina hududining bir qismidan voz kechish, Rossiya harbiy jinoyatchilari uchun amnistiya va mustaqil Ukrainaning o‘z sheriklarini erkin tanlash huquqini cheklash — qabul qilib bo‘lmas narsalar”, — dedi u.

Endi, Jyenevadagi muzokaralardan keyin, tinchlik rejasi uning fikricha, takomillashtirilgan. Shu bilan birga, Veber Ukrainada tinchlik bo‘yicha muzokaralarda Yevropani Parij, Berlin va London emas, balki Ursula fon der Lyayyen namoyon qilishi kerakligini ta’kidladi.

U so‘l fraksiyalar yetakchisi tarafidan “Tramp va Putinning rejasi” deb atalgan taklifni, YeI qadriyatlariga xiyonat qiladigan “kapitulyatsiya rejasi” deb baholadi. “Ukrainani Donbass va Qrimdan voz kechishga majbur qilish, uning hududini go‘yo oddiy chipta kabi kesib tashlashni qabul qilib bo‘lmaydi. Armiyasining sonini 600 000 nafargacha cheklab, uni himoyasiz qoldirishni qabul qilib bo‘lmaydi. Uni NATOga qo‘shilishdan mahrum etib, doimiy zaiflik holatiga solishni qabul qilib bo‘lmaydi. Va butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan jihat shundaki, Tramp muzlatilgan Rossiya aktivlaridan o‘zi, lekin Yevroittifoq hisobidan foyda ko‘rmoqchi”, — deb hisoblaydi u.

Deputat muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukraina uchun moliyaviy manba sifatida ishlatishga, Ukrainaning g‘arb qurollaridan foydalanishidagi cheklovlarni olib tashlashga, shuningdek, YeI tomonidan 2026 yil oxiriga borib Rossiya neftini, 2026 yil oxirida esa gazini import qilishni to‘liq taqiqlashga chaqirdi. “Bu hikoyaning yakuni Trampning Putinni oqlab qo‘yishi bilan tugashi mumkin emas. Putin Xalqaro jinoiy sud oldida javob berishi kerak, — dedi Garsiya Peres. — Adolatsiz tinchlik – tinchlik emas”.

Yevroparlamentda uchinchi yirik fraksiya bo‘lgan o‘ta o‘ng “Yevropa uchun vatanparvarlar” guruhi nomidan so‘zga chiqqan vengriyalik deputat Kinga Gal AQSh rejasini tanqid qilmadi, aksincha, uni “tinchlikka erishishning yagona imkoniyati” sifatida qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Deyarli shu so‘zlarni parlamentdagi so‘l partiyalar fraksiyasi hamraisi Martin Shirdevan ham takrorladi. “Bu tinchlik rejasini kim ishlab chiqqani va bu reja adolatli va barqaror tinchlikka yo‘lni to‘liq bayon etmagani menga yoqmadi, ammo hozircha u urushni to‘xtatish uchun bizning eng yaxshi imkoniyatimiz hisoblanadi”, — dedi u.

O‘zini o‘ng-konservativ “Yevropa konservatorlari va islohotchilari” fraksiyasi nomidan tanishtirgan Adam Belan amaliy jihatda YeI yetakchilarini harakatsizlikda aybladi: “Nima uchun Yevropa diplomatiyasi faqat navbatdagi AQSh tinchlik tashabbuslari e’lon qilinganidan keyin faollashib, ularga sharh beruvchi rolini bajaradi? Nima uchun urushning Yevropaning xavfsizligiga bevosita ta’siriga qaramay, Bryussel birinchi bo‘lib qandaydir takliflar kiritmayapti?”

Polsha deputati bunga sabab sifatida YeI davlatlarining Rossiya bilan savdo manfaatlarini ko‘rsatdi. “19 ta sanksiyalar paketi qabul qilindi, natijada Moskvaga Kiyevga yo‘naltirilgan mablag‘dan ikki baravar ko‘p pul ketdi”, — dedi u Shvetsiya hukumati ma’lumotlariga tayanib. Unga ko‘ra, 2022 yildan buyon YeIning Rossiyadan importi Ukrainaga ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash hajmidan ancha oshib ketgan: masalan, Ukrainaga 187 mlrd yevro yordam ko‘rsatgan YeI Rossiyadan neft va gazni 201 mlrd yevro miqdorida import qilgan, boshqa tovarlarni hisobga olganda esa import hajmi 311 mlrd yevroni tashkil qilgan.

Liberal-demokratik “Yangi Yevropa” guruhi rahbari, fransuz Valeri Ayye Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun qator shartlarni sanab o‘tdi: ishonchli xavfsizlik kafolatlari, armiya soni bo‘yicha hech qanday cheklovlar, otishmani to‘xtatishni nazorat qiladigan ko‘ngillilar koalitsiyasi tomonidan kafolatlangan kuzatuv kuchlarini joylashtirish, Ukraina tiklanishi uchun muzlatilgan Rossiya aktivlarini safarbar qilish.

“Biz Rossiyaning G8'ga hech narsa bo‘lmagandek qaytishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz Buchani va tinch aholiga qilingan bombardimonlarni unutishdan bosh tortamiz. Biz Kremlni qurbon, Ukrainani esa agressor sifatida ko‘rsatishga harakat qilayotgan ayrimlar qo‘llab-quvvatlayotgan bu buzuq o‘yinda ishtirok etmaymiz”, — dedi Ayye. “Yashillar” fraksiyasi hamraisi Terri Rayntke esa muzlatilgan Rossiya aktivlarini Kiyev ixtiyoriga o‘tkazish va Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lish masalasini imkoni boricha tezroq hal etishga chaqirdi.

Siyosiy guruhlar yetakchilari nutqlarini nemis yevrodeputati Aleksandr Zell – o‘ta o‘ng “Suveren millatlar Yevropasi” guruhi nomidan yakunladi. U amerikaliklar urushni tugatmoqchi bo‘layotganidan mamnunligini aytdi, Bryussel, Berlin va Kiyevni tanqid qildi va fon der Lyayyenga “Tramp va Orban qilgani kabi mojaro tomonlarining har ikkalasi bilan ham muloqot qilishni” tavsiya etdi.

Yevroparlamentning Ukraina bo‘yicha ma’ruzachisi Mixael Galer deputatlar Yevrokomissiyadan AQSh rejalarini shunchaki tuzatishdan ko‘ra ko‘prog‘ini kutayotganini bildirdi. “Biz Putinni muzokaralar stoliga majburlab o‘tqazishning yo‘llarini topishimiz kerak, bu esa faqat bosimni kuchaytirish orqali mumkin bo‘ladi. Aks holda u o‘zi istaganini tezroq qo‘lga kiritish uchun Trampga bevosita ta’sir o‘tkazishda davom etadi”, — deya ishonch bildirdi nemis deputati.

Uning fikricha, masalan, yevropaliklar Ukrainaga uzoq masofali raketalar berishi kerak, shunda Kiyev Rossiya hududida qurollar ishlab chiqarish obektlarini, ularni uchirish uskunalarini va muhim transport infratuzilmasini yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Unga Yevropa parlamentining mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Mari-Agnes Shtrak-Tsimmermann ham qo‘shildi. “Ukraina har kuni raketalar, dronlar va qanotli raketalar uchiriladigan manbalarni neytrallashtirishi kerak. Ulardan 93 foizi tinch aholiga yo‘naltirilmoqda”, — dedi Germaniya vakili.

U shuningdek, Yevropaning o‘z diplomatik tashabbuslarini ishlab chiqishini va ukrainlarga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 140 mlrd yevro ajratishni talab qildi. Mudofaa qo‘mitasi rahbari 28 banddan iborat rejani Rossiya diktati deb atadi. “19 banddan iborat reja-chi? Men uni bilmayman, umuman olganda, bu haqda kimdir ma’lumotga egami, bilmayman. Faqat shuni eshitdimki, Putin uni allaqachon rad etgan”, — dedi Shtrak-Tsimmermann.

“YeIning taklif etilgan rejaga pozitsiyasi va Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishda YeIning ishtiroki” haqidagi rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish payshanba, 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid