Jahon | 11:28 / 29.11.2025
2597
2 daqiqa o‘qiladi

QQS 22 foiz: Rossiyada soliq oshirilib, mablag‘ “mudofaa va xavfsizlik”ka yo‘naltiriladi

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar qo‘shimcha qiymat solig‘ini 2026 yil 1 yanvardan 20 foizdan 22 foizga oshirishni nazarda tutadi. Ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar uchun 10 foizlik imtiyozli stavka saqlanib qoladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni, 28 noyabrda Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Rossiya hukumati huquqiy axborot portalida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) 20 foizdan 22 foizga oshiriladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar uchun QQSning 10 foizlik imtiyozli stavkasi saqlanib qoladi. Bu ro‘yxatga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va bolalar tovarlari kiritilgan. Shu bilan birga, sut yoki sut o‘rnini bosuvchi yog‘ qo‘shilgan sutli mahsulotlar bu ro‘yxatga kiritilmagan — ular 22 foizlik stavka bo‘yicha soliqqa tortiladi.

QQSni oshirish taklifini Rossiya Moliya vazirligi sentabr oyi oxirida ilgari surgan, noyabr oyida esa bu to‘g‘ridagi qonunni Davlat Dumasi qabul qilgan. Rossiya hukumati bahosiga ko‘ra, 2026 yilda ushbu chora budjetga deyarli 1,2 trln rubl qo‘shimcha daromad keltirishi kerak, Moskvada esa bu mablag‘ni birinchi navbatda "mudofaa va xavfsizlikni moliyalashtirish"ga, ya’ni Ukrainaga qarshi urushga yo‘naltirishni rejalashtirishmoqda.

2026–2028 yillarga mo‘ljallangan, sentabr oyida Rossiya hukumati tomonidan ma’qullangan budjet loyihasiga ko‘ra, harbiy xarajatlar yana kamida uch yil davomida Rossiya budjetining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid