Jahon | 08:55 / 29.11.2025
2777
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab navbatdagi hujum: Kiyev, Brovar, Dnipro va Xarkivda portlashlar 

Rossiya Federatsiyasining kechki hujumi natijasida dronlar Kiyev va Brovardagi turar joy uylariga tushgani xabar qilindi. Ukrainadagi boshqa hududlarda ham portlashlar haqida ma’lumotlar bor.

Foto: Russland-Ukraine-Krieg/picture alliance/AP

Rossiya qo‘shinlari shanbaga o‘tar kechasi yana Ukraina bo‘ylab zarbalarni amalga oshirdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, dronlar va aviabombalardan foydalanilgan hujumlar Kiyev va Kiyev viloyatiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, Dnipro va Xarkiv shaharlarida ham portlashlar eshitilgan.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, dronlar Ukraina poytaxtining kamida to‘rt tumanidagi ko‘p qavatli uylarga tushgan. Jumladan, Shevchenko tumanida 14 qavatli uyga zarar yetgan, Solomyon tumanida 25 qavatli turar joy binosi va uning yonida turgan avtomobillar, shuningdek xususiy sektordagi turar joy uyi shikastlangan. Svyatoshin tumanida esa bir dron uch qavatli uyga tushgan. Dnipro tumanida yetti qavatli uyning bir qismi vayron bo‘lgan.

Kiyevda Rossiya tomonidan uchirilgan dronlar ochiq hududga ham tushgan, bir qator avtomashinalarga zarar yetgani haqida Kiyev shahar harbiy ma’muriyati xabar qildi. Qator tumanlarda yong‘inlar kelib chiqqan, o‘choqlarga favqulodda xizmatlar yo‘llangan. Kiyev meri Vitaliy Klichko kamida yetti kishi jarohatlangani, ular orasida 13 yoshli o‘smir ham borligini ma’lum qildi.

Rossiya hujumlari ostida Brovar tumani ham qoldi — bu yerda dronlar bir necha ko‘p qavatli va shaxsiy uylarga urilgan. Brovari shahrida ikki kishi jarohat olgani haqida viloyat ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik ma’lum qildi.

Kiyevda havo hujumi xavfi sirenalari mahalliy vaqt bilan soat 22:00 lar atrofida eshitildi, lekin undan oldinroq Ukraina Havo kuchlari Xarkiv bo‘yicha zarbalar haqida xabar bergan edi. Harbiylar ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda boshqariladigan aviabombalar qo‘llangan.

Rossiya zarbalari Xarkiv viloyati energetika infratuzilmasiga ham tegdi, deb ma’lum qildi keyinroq Dergachyov tumani harbiy ma’muriyati boshlig‘i Vyacheslav Zadorenko. U zarar haqida aniq ma’lumot keltirmadi, biroq mahalliy xonadonlarda elektr kuchlanishida tebranishlar kuzatilishi mumkinligini ta’kidladi.

Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vladislav Gayvanenko mahalliy vaqt bilan taxminan soat 23:00 da Dnipro shahridagi portlashlar haqida xabar qildi. Hujum oqibatlari bo‘yicha u hozircha batafsil ma’lumot bermadi. Shaharga oid ijtimoiy tarmoq sahifalarida ham zarar ko‘lami yoki jabrlanganlar haqida aniq ma’lumot keltirilmagan.

Noyabr o‘rtalarida ommaviy axborot vositalarida AQSh prezidenti Donald Trampning rejasi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ushbu rejada Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi urushiga barham berish bo‘yicha qator qadamlar ko‘zda tutilgan edi. Matbuotda e’lon qilingan reja tafsilotlarining ko‘p qismi Moskva tomonining Kiyevga bo‘lgan maksimalistik talablarini takrorlaydi, biroq Tramp va uning ma’muriyati kelishuvni iloji boricha tezroq imzolash zarurligini ta’kidlab kelmoqda.

Ukraina va AQSh Jyenevada maslahatlashuvlar o‘tkazdi, ular chog‘ida Tramp rejasiga o‘zgartishlar kiritildi. Kutilishicha, dekabr boshlarida uni Rossiyaga Trampning maxsus vakili Stiv Uitkof taqdim etadi, bu hujjatda esa Rossiyaning hududiy talablari masalasi ko‘tarilmaydi.

Shunga qaramay, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaniki deb tan olinishini Moskva talab qilayotgan Donbassdagi pozitsiyalaridan chekinmagunicha, Ukraina bo‘ylab hujumlar davom etishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid