O‘zbekiston | 13:51 / 04.12.2025
2896
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev bioaksal polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona faoliyati bilan tanishdi

Prezident “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, qadoqlash mahsulotlari va bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan mamlakatdagi yagona Invest Asia korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur korxona Markaziy Osiyoda qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi majmualardan biri hisoblanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

60 gektar maydonda joylashgan korxona hozirda ichki bozorda ishlatilayotgan polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizini, stretch plyonkalarning 40 foizini ishlab chiqarmoqda. Majmuada 2,5 mingga yaqin kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqat, farmatsevtika, sanoat, qurilish, maishiy kimyo kabi ko‘plab tarmoqlar uchun zarur xomashyo hisoblanadi. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga o‘z vaqtida yetkazilishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu jihatdan Invest Asia kabi yirik quvvatlarning mamlakatda faoliyat yuritishi import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini ta’minlashga va ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Invest Asia korxonasining yana bir muhim jihati shundaki, u O‘zbekistonda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxonadir. Ushbu plyonka turi qadoqlash sohasida eng talabgor materiallardan biri bo‘lib, qattiqligi va yengilligi bilan ajralib turadi.

Joriy yilning o‘n oyi davomida korxonada 1,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarida Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQShda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.

Prezident korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi.

Yil yakuniga qadar majmua hududida Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun tipidagi noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanadi.

Barcha loyihalar to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, korxona majmuasida ish o‘rinlarining soni 10 mingtaga yetkazilishi, polimerni qayta ishlash quvvati esa 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Davlat rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot o‘tkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Investorlar mamlakatdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda amaliy ko‘mak uchun davlat rahbariga minnatdorlik izhor etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid