O‘zbekiston | 15:41 / 05.12.2025
1856
2 daqiqa o‘qiladi

BAA kompaniyalari O‘zbekistonda yangi quyosh, shamol va GES loyihalarini amalga oshiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv chog‘ida BAA kompaniyalari ishtirokida mamlakatda yangi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari, shuningdek, energiya saqlash va suvni tozalash obektlarini barpo etish rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy, Etihad Water & Electricity kompaniyasi rahbari Yusuf al-Ali va TAQA Water Solutions kompaniyasi rahbari Ahmad al-Shamsiy ham ishtirok etdi. Suhayl al-Mazruiy suhbat avvalida prezidentga BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon hamda Abu-Dabi amirligi valiahdi Shayx Xolid Ol Nahayonning samimiy salom va tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – BAA o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, barcha yo‘nalishlarda yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni va aviaqatnovlar miqdori barqaror oshib borayotgani, umumiy loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetgani qayd etildi.

Tomonlar transport-logistika, oziq-ovqat, kon-metallurgiya, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda energetika sohasida birgina Masdar kompaniyasi bilan O‘zbekiston hududlarida qiymati 1,5 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilgan. Bugun Buxoro viloyatida navbatdagi quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi ishga tushirildi, Qashqadaryo viloyatida esa 600 million dollardan ziyod qiymatga ega shunday inshootlar qurilishiga start berildi.

BAA kompaniyalari rahbarlari shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari, gidroelektr stansiyalar barpo etish hamda suvni tozalash inshootlari qurilishi bo‘yicha rejalar yuzasidan prezidentga axborot berdi. Ushbu loyihalar O‘zbekistonda “yashil” energetika ulushini oshirish, energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash va ekologik barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid