Jahon | 07:38
1642
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisod innovatsiyaga qarshi: AQShdagi eng yirik quyosh issiqlik loyihasi nega yopilyapti?

Ayvonpa quyosh-termodinamik elektr stansiyasi Moxave cho‘lida, bir vaqtlar AQShning toza energiyaga o‘tish ramzi hisoblangan inshoot, atigi o‘n yilcha ishlaganidan so‘ng yopilishga hozirlanmoqda. Qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan, 140 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan mazkur loyiha texnologiyalar va iqtisod qanday tez o‘zgarayotganini ko‘rsatib berdi.

Foto: Wikimedia Commons

Ayvonpa 2009 yilgi inqirozdan keyin toza energetikaga yo‘naltirilgan investitsiyalar to‘lqini zaminida vujudga kelgan. Brighsource Energy, NRG Energy va Google 392 megavatt quvvatga ega quyosh issiqlik stansiyasini qurishni rejalashtirgan bo‘lib, u 300 mingdan ortiq geliostat-oynalari va uchta qabul qiluvchi minoradan foydalanishi kerak edi. Qog‘ozda bu texnologiya juda umidli ko‘ringan: masshtabni kengaytirish mumkin, barqaror va atmosferaga nol darajada tashlama chiqaradi.

Biroq stansiya qurilayotgan paytda odatiy fotoelektrik panellar narxi deyarli 80 foizga quladi, slanets inqilobi tufayli gaz tarixdagi eng arzon ko‘rsatkichlardan birini ko‘rsatdi. 2014 yilda stansiya ishga tushgan paytga kelib, Ayvonpa oddiy quyosh fermalariga nisbatan juda qimmat va murakkab bo‘lib qoldi.

Vaziyatni yanada og‘irlashtirgan omillar qatoriga elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha rejalar bajarilmagani, yuz minglab oynalari bo‘lgan maydonga xizmat ko‘rsatish xarajatlari yuqoriligi va gaz orqali qo‘shimcha quvvatga kuchli bog‘liqlik kirdi.

Davlat subsidiyalari tufayli loyiha siyosiy bahsga aylandi: ba’zilar uni kelajakka qadam deb baholagan bo‘lsa, boshqalar “qimmatga tushgan yashillar xatosi” deb atadi. Ekologlar ham bir qator da’volar qo‘ydi: cho‘l toshbaqasi populyatsiyasiga tahdid va bir joyga yig‘ilgan quyosh nurlari sababli qushlarning halok bo‘lishi shular jumlasidandir.

Loyihaning yopilishi asosan uch omilga borib taqaladi: qiymat, raqobat va muddati tugayotgan shartnomalar.

Ayvonpada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi fotoelektrik stansiyalar va gaz elektr stansiyalaridagi tokdan qimmatroq, uzoq muddatli energiya xarid shartnomalari esa yakuniga yetyapti. Kaliforniya akkumulyatorlar bilan uyg‘unlashtirilgan quyosh panellariga asosiy urg‘uni bermoqda, bu esa bundan turdagi inshootlarni bozordan siqib chiqarmoqda.

Loyiha kutilgan natijalarni to‘liq bermadi, ammo qimmatli muhandislik tajribasini hadya etdi: ulkan geliostat maydonlarini boshqarish, ekstremal sharoitlarda issiqlik tizimlarini ishlatish kabi sohalarda yig‘ilgan bilimlar hozirgi zamonaviy loyihalarda faol qo‘llanmoqda.

Mavzuga oid