Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
Germaniya kansleri Mers Yevroittifoqda muzlatilgan Rossiya aktivlari AQShga emas, Ukrainaga berilishi kerakligini bildirdi. Juma kuni u ushbu aktivlardan foydalanish masalasini mahalliy hokimiyat vakillari bilan muhokama qilish uchun Belgiyaga yo‘l oladi.
Foto: REUTERS
Germaniya federal kansleri Fridrix Mers Yevroittifoq (YeI)da muzlatilgan Rossiya aktivlarini AQShga topshirish variantni rad etdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu masala Ukraina bo‘yicha prezident Donald Tramp ilgari surgan tinchlik muzokaralari doirasida muhokama qilingan. Bu haqda payshanba, 4 dekabr kuni Reuters agentligi xabar berdi.
«Bu pullar Ukrainaga borishi kerak», — dedi Mers. U Ukrainaga qish faslini yengib o‘tishda yordam berish va, ehtimol, kelgusi 2–3 yil mobaynida ham unga moliyaviy qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. «Bunday yordam uchun bizga mablag‘lar kerak. <...> Bu — Yevropa ichidagi masala, va men o‘zimiz jalb etgan mablag‘larni AQShga o‘tkazishning hech qanday iqtisodiy imkonini ko‘rmayapman. AQSh hukumati ham bundan xabardor», — dedi kansler.
Mersning so‘zlariga qaraganda, Vashingtondagi ayrim shaxslar Ukrainadagi urushni ehtimoliy tarzda hal etishdan «ma’lum iqtisodiy foyda olishni» istamoqda. «Bu qonuniy, lekin bu — biz Yevropada yaqin kunlarda birgalikda boshlaydigan tashabbusning maqsadi emas», — deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Germaniya kansleri 5 dekabrga mo‘ljallangan Norvegiyaga safarini kechiktirib, shu kuni Belgiya bosh vaziri Bart de Vever bilan uchrashishga qaror qilgan. Uchrashuv kechki ovqat formatida o‘tadi, unda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham ishtirok etadi.
AFP agentligining Germaniya hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Mersning shoshilinch tashrifi mavzusi — Yevrokomissiya taklif etgan Ukrainaga reparatsiya krediti berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlarining bir qismidan foydalanish masalasi bo‘ladi.
Rossiyaning bloklangan mablag‘lari katta qismi (taxminan 189 milliard yevro) saqlanayotgan Belgiya Yevrokomissiya rejasini rad etgan, Yevropa Markaziy banki ham uni qo‘llab-quvvatlamagan. Shu bilan birga, Germaniya va YeIning ko‘pchilik davlatlari bu g‘oyani ma’qullagan. YeI rahbariyati Ukraina uchun reparatsiya krediti bo‘yicha kelishuvga yil oxirigacha erishishga umid qilmoqda.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
07:38
Iqtisod innovatsiyaga qarshi: AQShdagi eng yirik quyosh issiqlik loyihasi nega yopilyapti?
16:50 / 04.12.2025