O‘zbekiston | 12:37 / 05.12.2025
1276
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish marosimi o‘tkaziladi

Bugun, 5 dekabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasiga oid yirik tadbir – yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalarning amalga oshirilishini boshlab berishga bag‘ishlangan tantanali marosim boshlanadi.

Foto: Press-slujba prezidenta

Tadbir doirasida mamlakatda barpo etilgan qator yangi energetika quvvatlari rasman ishga tushiriladi. Shu bilan birga, kelgusida qurilishi rejalashtirilgan yirik energetika inshootlari, xususan, zamonaviy elektr stansiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida faoliyat yuritadigan obektlar qurilishiga start berilishi kutilmoqda. Mazkur loyihalar milliy energetika tizimi barqarorligini ta’minlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va aholi hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini barqaror elektr energetikasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida davlat rahbari qator xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Xitoydan yuqori darajadagi rasmiy delegatsiyalar ishtirok etadi.

Uchrashuvlar chog‘ida energetika, xususan, “yashil” energetika, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar transferi, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda energiya ta’minotida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Ushbu tantanali marosim va o‘tkaziladigan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro energetika hamkorligini yanada mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid