Jahon | 15:44
712
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi

AQSh Yevropa mamlakatlarini RFning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berish kerak emasligiga ishontirishga urinmoqda, chunki bu mablag‘lar tinchlik kelishuviga erishish uchun zarur, deya xabar beradi Bloomberg. Qaysi davlatlar haqida gap borayotgani aniqlashtirilmagan.

Foto: Werner Lerooy/Imago

AQSh ayrim Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini Yevrokomissiyaning muzlatilgan Rossiya aktivlari bir qismini Ukrainaga reparatsion kredit sifatida berish rejasiga qarshi chiqishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Bu haqda juma kuni, 5 dekabrda, vaziyatdan xabardor yevropalik diplomatlarning so‘zlariga tayanib Bloomberg agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, amerikalik rasmiylar bir qator Yevropa davlatlari vakillariga ushbu aktivlar Moskva va Kiyev o‘rtasida potensial tinchlik kelishuvini tuzish uchun kerak bo‘lishini, shuning uchun ularni urushni davom ettirish maqsadida ishlatib bo‘lmasligini aytgan.

Noyabr oyi oxirida xuddi shu pozitsiyani Belgiya bosh vaziri Bart de Vever ham ilgari surgan edi. Uning ta’kidlashicha, Yevroittifoq rejasi bo‘lajak tinchlik kelishuviga oid imkoniyatlarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Bloomberg qaysi aniq YeI mamlakatlari nazarda tutilganini ochiqlamadi. AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati agentlikning izoh haqidagi so‘roviga javob bermagan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surayotgan Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari doirasida YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlarini Qo‘shma Shtatlarga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilingan. Germaniya kansleri Fridrix Mers bu taklifga qarshi chiqdi, uni “ichki masala” deb atadi va ushbu mablag‘larni AQShga o‘tkazish uchun “hech qanday iqtisodiy imkoniyat” yo‘qligini ta’kidladi.

Mers 5 dekabr kuniga rejalashtirilgan Norvegiya safarini kechiktirib, shu kuni Belgiya bosh vaziri de Vever bilan uchrashdi, de Vever Rossiya Markaziy banki aktivlarini Kiyevga kredit berish uchun ishlatish rejasiga qarshi chiqmoqda. Uchrashuv xususiy kechki ovqat formatida o‘tdi, unda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham ishtirok etdi.

Hududida Rossiyaning muzlatilgan mablag‘lari asosiy qismi (taqriban 189 mlrd yevro) saqlanayotgan davlat sifatida Belgiyadan tashqari Yevrokomissiya rejasini Vengriya va Yevropa Markaziy banki ham rad etmoqda.

Mavzuga oid