Jahon | 07:35
9829
2 daqiqa o‘qiladi

Infografika: insoniyat qazib olgan va hali yer ostida qolgan barcha oltin miqdori

Oltin hozir jadal o‘sish davrini boshdan kechirmoqda: yil boshidan beri uning narxi 50 foizdan ko‘proqqa oshdi, garchi 2025 yil oktyabrida qayd etilgan rekord daraja - troya unsiyasi uchun 4380 AQSh dollari (52,5 mln so‘m)dan biroz pasaygan bo‘lsa ham.

Foto: Getty Images

Global talabning o‘sishiga geosiyosiy taranglik, AQSh dollarining zaiflashishi va barqaror inflatsiya birgalikda turtki bermoqda. 2025 yilning uchinchi choragida markaziy banklar tomonidan amalga oshirilgan xaridlar oldingisiga nisbatan 28 foizga oshgan.

Yangi infografika — Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga asoslangan holda dunyodagi oltin taklifining to‘liq hajmini ko‘rsatadi: ham yer ustida qazib olingan, ham hali yer ostida saqlanayotgan qismini.

2024 yil oxiri holatiga ko‘ra, qazib olingan (ya’ni yer ustidagi) oltinning umumiy miqdori 216 265 tonnani tashkil etgan. Troya unsiyasi uchun 4166 dollar narxdan kelib chiqqan holda, insoniyat tomonidan shu paytgacha yer yuziga chiqarilgan barcha oltinning qiymati 29 trillion dollarga baholanadi.

Agar yer ostidagi barcha aniqlangan zaxiralar ham inobatga olinsa, umumiy hajm 348 375 tonnani tashkil etadi. Agar dunyodagi barcha oltin bitta sharga yig‘ib chiqilganida edi, uning diametri taxminan 32,5 metr bo‘lardi — bu Oq uy balandligiga deyarli teng (janubiy tomondagi maysazordan to bayroq osib qo‘yilgan cho‘qqigacha bo‘lgan balandlik).

Yer ostidagi zaxiralar (hali qazib olinmagan oltin) 132 110 tonna deb baholanmoqda. Chunki dunyo oltinining asosiy qismi allaqachon yer yuziga chiqarib bo‘lingan, ma’lum zaxiralarning bor-yo‘g‘i taxminan 38 foizi yer ostida resurslar ko‘rinishida qolmoqda.

2024 yildagi qazib olish sur’ati — yiliga taxminan 3661 tonna — saqlanib qolgan taqdirda, bu yerosti zaxiralari 40 yildan kamroq muddatga yetadi. Albatta, kelgusidagi narxlar o‘sishi yoki texnologiya taraqqiyoti bu resurslarni qazib olishni iqtisodiy jihatdan maqbul qilishi mumkin.

Mavzuga oid