Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MAGA ideologiyasi va YeI kelajagi: Berlin AQShning yangi strategiyasidan xavotirda
AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasidan shunday xulosa qilish mumkinki, Vashington endi yevropaliklar tomonida ham, Ukraina tomonida ham emas, deb hisoblaydi XDI/XSI fraksiyasi rahbarining o‘rinbosari Norbert Ryottgen.
Foto: Julia Demaree Nikhinson/AP
AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi shuni ko‘rsatadiki, Qo‘shma Shtatlar Yevropadan yuz o‘girmoqda, deb hisoblamoqda ba’zi nemis siyosatchilari. Ularning bu boradagi fikrlarini GFR OAV yakshanba, 7 dekabr kuni chop etdi.
«Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri ilk bor shunday holat kuzatilyaptiki, AQSh endi yevropaliklar tomonida emas, — dedi, xususan, hukmron Xristian-demokratik ittifoq (XDI) partiyasining xalqaro siyosat bo‘yicha mutaxassisi, Bundestagdagi XDI/XSI fraksiyasi rahbarining o‘rinbosari Norbert Ryottgen Redaktionsnetzwerk Deutschland mediaguruhi nashrlariga bergan intervyusida. — Ular endi Ukraina tomonida ham emas — aynan shu mamlakatga xalqaro huquqqa mutlaqo zid ravishda, yo‘q qilishga qaratilgan shafqatsiz urush olib borilyapti».
Ryottgenga ko‘ra, yangi milliy xavfsizlik strategiyasi «AQSh o‘z tashqi siyosiy maqsadi sifatida Yevropadagi mamlakatlar ichki ishlariga aralashishni belgilayotganini» ko‘rsatadi. Bu aralashuv esa ushbu mamlakatlarning ichki tuzumini MAGA (“Make America Great Again” — “Amerikani yana buyuk qilish”) harakatining ideologik tasavvurlariga mos ravishda o‘zgartirishga qaratilgan.
Bu maqsadga erishish uchun hozirgi AQSh hokimiyati Yevropada liberal demokratiyaning «ichki dushmanlari» bilan hamkorlik qilyapti, deb hisoblaydi u. Germaniya misolida bu – GuM (AfD) partiyasi. Agar AQShning bu strategiyasi muvaffaqiyat qozonsa, «Yevroittifoq endi mavjud bo‘lmaydi», deb ishonadi Ryottgen.
Bundan oldin «Ittifoq-90/«Yashillar» partiyasi hamraislaridan biri Fransiska Brantner Funke mediaguruhi nashrlari, jumladan Berliner Morgenpost gazetasiga bergan intervyusida, AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi munosabati bilan «Yevropaning hozir o‘z kelajagini mustaqil ravishda yaratish imkoniyati bor», deya ta’kidladi. «Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak», — deb ogohlantirdi u.
Shu bilan birga, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ushbu hujjatda so‘z erkinligi mavzusida aytilgan tanqidlarga sharh berar ekan, «bu yerda (Yevropaga – tahr.) kimdir bizga maslahat berishi kerak, deb o‘ylamayman», dedi.
AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi 5 dekabr kuni Oq uy saytida e’lon qilindi. Hujjatda Yevropadagi vaziyat keskin tanqid qilinadi. AQSh hukumati bahosicha, Yevropa uchun jiddiy muammolar qatoriga migratsiya siyosati, «fikrni erkin ifoda etishga nisbatan senzura va siyosiy muxolifatni bostirish, tug‘ilish darajasining keskin pasayishi, shuningdek milliylik va o‘ziga ishonchni yo‘qotish» kiradi.
Hujjatda AQShning «asosiy manfaatlaridan biri» sifatida Ukrainada harbiy harakatlarni mumkin qadar tezroq to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish qayd etilgan. Buning maqsadi «Yevropa iqtisodiyotini barqarorlashtirish, urushning kutilmagan keskinlashuvi yoki kengayishining oldini olish, Rossiya bilan munosabatlarda strategik barqarorlikni tiklash, shuningdek Ukraina urushdan keyin tiklanishini ta’minlash» sifatida ifodalangan.
Tramp ma’muriyatining Yevropaga nisbatan siyosati ustuvor yo‘nalishlari qatorida, jumladan, unga «hech qanday dushman davlat hukmronlik qila olmaydigan sharoitda, birlashgan suveren davlatlar guruhi sifatida mustaqil ravishda o‘z oyog‘iga turishi va harakat qilishi uchun imkoniyat yaratish» vazifasi ham borligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, AQShning maqsadlaridan biri — «NATOni doimiy ravishda kengayayotgan alyans sifatida qabul qilishga barham berish va bunday rivojlanishning oldini olish»dir.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 6 dekabr kuni Qatarda bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida, ba’zi masalalar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelib turishiga qaramasdan, AQSh baribir Yevropa uchun eng muhim ittifoqchi bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Reuters agentligi qayd etishicha, shu vaqt ichida Yevropa mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlarining katta qismi 6–7 dekabr kunlari AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi yuzasidan izoh berishdan tiyildi. «Ko‘plab hukumatlar o‘z xarakterining o‘zgaruvchanligi bilan tanilgan AQSh prezidenti Donald Trampni xafa qilmaslikka intilmoqda, chunki uning ehtimoliy reaksiyasi Yevropaga iqtisodiy yoki xavfsizlik sohasida zarar yetkazishi mumkin», — deb yozadi nashr.
Shu orada Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, AQSh milliy xavfsizlik strategiyasiga izoh berar ekan, VGTRK muxbiri Pavel Zarubinga intervyusida, uning qoidalari «Ukraina bo‘yicha tinch hal etish yo‘llarini birgalikda izlash haqidagi konstruktiv ishlar davom ettirilishiga, biroz bo‘lsa-da, kafolat berishi mumkin», dedi.
Mavzuga oid
09:24
Kellog: Tinchlik kelishuvini imzolashga ikkita band to‘sqinlik qilmoqda
01:22 / 07.12.2025
AQSh Ukrainaga ko‘proq qurol yetkazib berishni va’da qildi – OAV
23:49 / 06.12.2025
Mask YeIni tugatishga chaqirdi
16:15 / 06.12.2025