Jahon | 11:25
1092
3 daqiqa o‘qiladi

Nemislarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i Mers hukumatidan norozi

INSA so‘rovi natijalariga ko‘ra, Germaniya hukumati va Fridrix Mersning faoliyatidan qoniqish darajasi yangi minimumga tushdi. Taxminan 70 foiz respondent ularning faoliyatini salbiy baholagan.

Foto: Jens Krick/Flashpic

Fridrix Mers boshchiligidagi, Germaniya Federativ Respublikasida hukmron “qora-qizil koalitsiya” aholi orasida qo‘llab-quvvatlashni yanada yo‘qotmoqda. Bu haqda Bild am Sonntag haftalik nashri buyurtmasiga ko‘ra INSA jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti o‘tkazgan so‘rov natijalari guvohlik bermoqda. Natijalar 6 dekabr, shanba kuni nashr saytida e’lon qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respondentlarning 70 foizi hozirgi koalitsiya ishidan noroziligini bildirgan. Koalitsiya tarkibiga Xristian-demokratik ittifoq (XDI), Xristian-sotsial ittifoq (XSI) va Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) kiradi. Faqat 21 foiz so‘ralganlar hukumat ishini qoniqarli, deb baholagan. Bu “katta koalitsiya” 2025 yil may oyida hokimiyatga kelganidan beri INSA qayd etgan eng yomon ko‘rsatkichdir. Yana 9 foiz qatnashchi bu savolga javob bermaslikni ma’qul ko‘rgan.

Kanslerning faoliyatini bor-yo‘g‘i 23 foiz so‘ralganlar qo‘llab-quvvatlagan, bu ham ilgari kuzatilmagan past darajadir. Respondentlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i, aniqroq aytganda, 68 foizi uning ishini salbiy baholagan, 9 foizi esa javob bermagan. So‘rov 4–5 dekabr kunlari o‘tkazilgan, unda 1005 kishi ishtirok etgan.

Ushbu tendensiya Bild am Sonntag haftalik nashri buyurtmasiga ko‘ra INSA har hafta o‘tkazadigan Sonntagstrend so‘rovida ham o‘z aksini topgan. Bu safar tadqiqot savollariga 1–5 dekabr kunlari 1206 kishi javob bergan.

Natijalarga ko‘ra, agar Bundestag saylovlari shu yakshanba kuni, ya’ni 7 dekabr kuni o‘tkazilganida edi, hukmron uchta partiya birgalikda parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lolmagan bo‘lar edi.

Birinchi o‘rinni 26 foiz saylovchi ovozini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” (GuM) egallagan bo‘lar edi. Konservativ XDI/XSI blogi 25 foiz ovoz, GSDP esa 15 foiz ovoz to‘plagan bo‘lardi.

Mavzuga oid