Jahon | 13:41
3381
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bosh shtabi: Okkupatsiya qilingan hududlarda «Pansir» yo‘q qilindi

Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi okkupatsiya qilingan Luxansk viloyatida o‘q-dori va yonilg‘i-moylash materiallari ombori, Donetsk viloyatida esa dronlar ombori, «mobil o‘t ochish guruhi» va «Pansir-S1» zenit-raketa kompleksi nishonga olingani haqida ma’lum qildi.

Foto: Facebook / GeneralStaff.ua

Ukraina harbiylari dushanbaga o‘tar kechasi, 8 dekabr kuni, Rossiya armiyasiga tegishli bir qator obektlarga zarba berdi. Bu haqda Facebook’da Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi xabar qildi. Ushbu ma’lumotga ko‘ra, Luxansk viloyatida o‘q-dori ombori hamda yonilg‘i-moylash materiallari saqlanadigan omborga zarba berilgan, Donbassda esa dronlar ombori, «mobil o‘t ochish guruhi» va «Pansir-S1» turidagi zenit-raketa kompleksi yo‘q qilingan.

«Har bir holat bo‘yicha yetkazilgan zarar darajasi aniqlashtirilmoqda», — deyiladi bosh shtab bayonotida. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi yana bir Rossiya «Pansir-1» ishdan chiqarilgani haqida birinchi marta bir yarim yildan ortiq vaqt ilgari — 2024 yil 1 mart kuni xabar bergan edi.

Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur hodisani izohsiz qoldirdi. Uning tonggi hisobotida bir kecha-kunduzda Rossiyaning 11 mintaqasi ustida 67 ukrain droni urib tushirilgani aytilgan, ammo Luxansk va Donetsk viloyatlari tilga olinmagan.

Shu bayonotda ukrain harbiylari 5 dekabr kuni Krasnodar o‘lkasining Temryuk dengiz portiga zarba bergan dronlar natijalari bo‘yicha aniqlashtirilgan ma’lumotlarni ham keltirgan. Mazkur port Rossiya armiyasi ta’minot zanjirida foydalaniladi.

«20 ta rezervuarning yo‘q qilingani tasdiqlandi, bu umumiy sonning 70 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz uchun mo‘ljallangan quyish estakadasida, taxminan 20 ta temiryo‘l sisternasi joylashgan hududda yong‘in davom etmoqda. 7 dekabr kechki holatga ko‘ra, yong‘inning umumiy maydoni deyarli 1000 kvadrat metrni tashkil etgan», — deb ta’kidlaydi bosh shtab.

«Mudofaa kuchlari Rossiya harbiy-iqtisodiy salohiyatini izdan chiqarish va RFni Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzni to‘xtatishga majbur etish bo‘yicha choralar ko‘rishni davom ettirmoqda», — deyiladi press-relizda.

Mavzuga oid