Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari YeIga a’zo mamlakatlarda boshpana berish qoidalarini yanada qat’iylashtirish niyatida. Dushanba, 8 dekabr kuni ular ikki chora bo‘yicha kelishuvga erishdi: taklif qilingan «xavfsiz uchinchi mamlakatlar» konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish va «xavfsiz kelib chiqish mamlakatlari»ning umumiy ro‘yxatini joriy etish, deb xabar berdi epd agentligi.
«Har yili o‘n minglab odamlar Yevropaga kelib, boshpana so‘raydi, garchi ular xavfsiz mamlakatlardan kelgan bo‘lsa ham», — deb tushuntirdi qabul qilingan choralarni Daniya ichki ishlar vaziri Rasmus Stoklund, u hozirda Yevropa Kengashiga raislik qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qoidalar boshpana berish ishlarini tezroq va samaraliroq ko‘rib chiqish imkonini berishi kerak.
Kelishuvga ko‘ra, yaqin kelajakda YeI mamlakatlari YeIga kirmaydigan xavfsiz mamlakatlardan kelgan shaxslarning boshpana to‘g‘risidagi so‘rovlarini osonroq rad etishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, so‘rovchi bilan uning kelib chiqqan mamlakati o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik endilikda majburiy shart emas — bu esa uchinchi mamlakatlarda «qaytarish markazlari»ni tashkil etishga yo‘l ochadi.
Natijada, YeIda himoya izlayotgan shaxslar, o‘zi hech qachon bo‘lmagan mamlakatlarga ham deportatsiya qilinishi mumkin. Shuningdek, arizasi rad etilgan boshpana so‘rovchilar shikoyati ko‘rib chiqilayotgan davrda avtomatik tarzda YeI hududida qonuniy ravishda qololmaydi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi birinchi marta xavfsiz deb e’tirof etilgan kelib chiqish mamlakatlarining umumiy ro‘yxatini tuzdi. Unga Misr, Marokash, Tunis, Hindiston, Kosovo, Bangladesh va Kolumbiya kirdi. Boshpana so‘rayotganlar ushbu mamlakatlardan bo‘lsa, ularning arizalarini jadal tartibda ko‘rib chiqish — masalan, bevosita chegaralarda yoki tranzit zonalarda amalga oshirilishi mumkin, deb yozadi epd Yevropa IIV rahbarlari qarorlariga tayanib.
Shuningdek, YeIga a’zo bo‘lishga nomzod mamlakatlardan kelgan boshpana so‘rovchilar ham, agar bu davlatlarda urush yoki inson huquqlariga jiddiy tahdidlar bo‘lmasa, xavfsiz deb hisoblanadi, deyilgan xabarda.
Qabul qilingan choralarni amalga joriy etish uchun endi YeI mamlakatlari qonun loyihasining yakuniy matnini Yevropa parlamenti bilan kelishib olishi kerak bo‘ladi.
2025 yilning o‘n oyida Germaniyadan deportatsiya qilinganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga ko‘paygan, deb yozgan edi 23 noyabr kuni Bild am Sonntag gazetasi Germaniya IIV ma’lumotlariga tayanib. Mamlakatdan jami 19 538 kishi — kuniga o‘rtacha 65 nafar kishi chiqarib yuborilgan.















