Texnologiya | 22:40 / 10.12.2025
742
9 daqiqa o‘qiladi

AI olamida kurash: Tramp ma’muriyati nega Nvidia chiplarini Xitoyga sotishga ruxsat bermoqda?

Donald Tramp «milliy xavfsizlikni himoya qilgan holda» Nvidia’ning ikkinchi eng ilg‘or sun’iy intellekt chipi – H200'larni Xitoyga yetkazib berishga ruxsat bermoqchi. Lekin, siyosat elita bundan xavotirda. «Xitoy AQSh chiplari asosida o‘z armiyasini sun’iy intellekt bilan ta’minlay boshlaganida, dunyo bu qarordan afsuslanadi», dedi Pentagonning sobiq mulozimi.

Nvidia bosh direktori Jyensen Huang Donald Tramp oldida chiqish qilmoqda. Aprel, 2025 yil. / Foto: New York Times

AQSh Nvidia’ning sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan ikkinchi eng kuchli chiplari – H200 protsessorlarini Xitoyga eksport qilishga ruxsat beradi. Prezident Donald Trampning aytishicha, Qo‘shma shtatlar bunday savdolardan 25 foiz yig‘im undiradi.

Bu qaror – Xitoyga chip sotish orqali sun’iy intellekt sohasidagi global yetakchilikni saqlab qolish kerakmi yoki eksportni butunlay to‘xtatish kerakmi, degan bahslarga nuqta qo‘ygandek bo‘ldi. Reuters’ning yozishicha, Trampning dushanba kungi e’lonidan so‘ng, Nvidia aksiyalari qo‘shimcha savdolarda 2 foizga oshdi

Tramp o‘z postida Xitoy raisi Si Jinpingni bu qaror haqida xabardor qilganini, u esa «ijobiy munosabat bildirganini» yozdi. Shuningdek, u AQSh Savdo vazirligi kelishuv tafsilotlarini yakunlayotganini, ayni yondashuv AMD va Intel kabi boshqa AI chip ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq etilishini aytdi.

«Biz milliy xavfsizlikni himoya qilamiz, Amerikada ish o‘rinlari yaratamiz va sun’iy intellektdagi yetakchiligimizni saqlab qolamiz. Nvidia’ning AQShdagi mijozlari allaqachon o‘zining ajoyib, nihoyatda ilg‘or Blackwell chiplariga o‘tmoqda, tez orada Rubin chiplariga ham o‘tadi. Ularning hech biri bu kelishuvga kirmaydi», — deb yozdi Tramp.

Tramp nechta H200 chip eksport qilishga ruxsat berilishi yoki qanday shartlar qo‘yilishini ochiqlamadi. Faqat eksport «milliy xavfsizlik doimiy kuchli bo‘lib qolishini ta’minlaydigan shartlar asosida» amalga oshirilishini aytdi.

«Savdo vazirligi tomonidan tekshirilgan va tasdiqlangan tijoriy mijozlarga H200’ni taklif qilish — Amerika uchun nihoyatda to‘g‘ri va muvozanatli yechim», deya bayonot berdi «Nvidia». Intel, AMD hamda AQSh eksporti nazoratiga mas’ul AQSh Savdo vazirligi ham izoh bermagan.

Trampning yozishicha, bu savdolardan AQSh hukumatiga to‘lanadigan yig‘im – 25 foizni tashkil etadi. Oq uy rasmiysi tasdiqlagan bu raqam – avgust oyida taklif qilingan 15 foizdan yuqori.

Oq uy rasmiysining aytishicha, 25 foizlik yig‘im chiplar ishlab chiqariladigan Tayvandan AQShga «import solig‘i» sifatida olinadi. Chiplar AQShda xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazilgach, Xitoyga eksport qilinadi.

Reutersʼning masaladan xabardor manbasiga ko‘ra, ma’muriyat vakillari bu qarorni Nvidia’ning eng yangi Blackwell chiplarini Xitoyga yuborishga ruxsat berish va bilan umuman chip sotmaslik o‘rtasidagi murosaviy yechim deb bilmoqda.

AI chiplar harbiy sohadagi o‘rni va Nvidia chiplari

Xitoy armiyasi sun’iy intellekt texnologiyalarini juda ko‘p yo‘nalishlarda qo‘llay oladi. Xususan, dron va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida razvedka ma’lumotlarini real vaqt rejimida tahlil qilish; raketalar trayektoriyasini simulyatsiya qilish; dronlar «armiyasi»ni boshqarish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda AI imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Foto: New York Times

Bu kabi harbiy amaliyotlarni insondan tezroq va yaxshiroq qilish uchun superkompyuter darajasidagi hisoblash kerak. Bunday kompyuterlarning to‘liq texnik imkoniyatlari esa H200 kabi chiplar orqali amalga oshiriladi.

Institute for Progress notijorat tahliliy markazi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, eksportga ruxsat berilayotgan H200 chipi – Xitoyga qonuniy eksport qilinishi mumkin bo‘lgan eng ilg‘or chip H20 bilan solishtirganda deyarli olti baravar kuchli.

Hozir AQSh AI kompaniyalari foydalanayotgan Blackwell chipi esa AI tizimlarini o‘qitishda H200’dan taxminan 1,5 baravar tez. Shuningdek, u AI modellari amalda qo‘llaniladigan "inference" (real vaqtda natija chiqarish) jarayonida esa besh baravar tezroq ishlaydi.

Xitoy harbiy qudrati borasida qo‘rquvlar

Vashingtondagi Xitoyga nisbatan «qattiq pozitsiyadagi» siyosatchilar ilg‘or AI chiplarining sotilishi Pekinning harbiy salohiyatini keskin kuchaytirib yuborishidan xavotirlanib kelgan. Aslida Trampning o‘zi ham birinchi prezidentlik davrida Xitoyning AQSh texnologiyalariga kirishini qat’iy cheklab, xalqaro e’tiborni tortgan edi. Aynan shu qo‘rquvlar – Bayden ma’muriyati davrida bunday eksportlarga cheklovlar joriy etilishiga sabab bo‘lgandi.

Amerikalik bir guruh demokrat senatorlar ham qo‘shma bayonotda Tramp qarorini «iqtisodiy va milliy xavfsizlikdagi ulkan mag‘lubiyat» deb atadi. Ularning fikricha, bu Xitoy sanoati va armiyasi uchun katta foyda bo‘ladi.

Jon Moolenaar / Foto: Bloomberg

Vakillar palatasidagi Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitaga raislik qiluvchi respublikachi kongressmen Jon Moolenaar Reutersʼga bergan bayonotida Xitoy bu chiplardan harbiy salohiyat va kuzatuv tizimlarini kuchaytirish uchun foydalanishini aytdi.

«Nvidia o‘zini aldamasin — Xitoy uning texnologiyasini ko‘chirib oladi, uni ommaviy ishlab chiqaradi va Nvidia’ni raqobatchi sifatida yo‘q qilishga intiladi», — dedi u.

«Bu qaror bizning raqobat ustunligimizni 25 foizlik chip eksporti ulushi evaziga sotuvga qo‘ymoqda», — dedi AQSh Armiyasi sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Brad Carson. «Xitoy o‘z armiyasini AQSh chiplariga asoslangan sun’iy intellekt bilan ta’minlay boshlaganida, dunyo bu qarordan afsuslanadi».

Tramp ma’muriyatining vajlari

Oq uyning sun’iy intellekt bo‘yicha mas’ul vakili David Saks esa «boshqacha xavotirda». U, ilg‘or AI chiplarini Xitoyga yetkazib berish – xitoylik raqiblarning AQSh kompaniyalari chiplari darajasiga yetib olishini oldini oladi, degan fikrni ilgari surmoqda.

«Besh yil ichida Xitoyning telekommunikatsiya giganti – Huawei ishlab chiqargan AI chiplar hamma joyda bo‘lib qolsa, bu biz yutqazganimizni anglatadi… Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — degandi Sacks shu yil boshida.

Janubiy Koreyada shu yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Tramp va Si xayrlashmoqda / Foto: New York Times

Ammo Vashingtonning o‘zida bu fikrga qarshi bo‘lganlar ko‘p. AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq rasmiysi Stevart Baker «Xitoyni H200 chiplari bilan ta’minlash orqali uni AQSh chiplariga qaram holda ushlab turish»ni «xomxayol» deb atadi.

«Ular ichki sanoatni qurish uchun bor kuchini sarflamasligi mumkin emas. Bu sanoatning yakuniy maqsadi — Nvidia’ni bankrot qilish va AQShni Xitoy sun’iy intellektiga qaram qilib qo‘yish bo‘ladi», — dedi Baker.

Xitoy o‘z chiplariga tayanmoqchi

Nashrga ko‘ra, so‘nggi oylar ichida Pekin Xitoy texnologik kompaniyalarini Nvidia ishlab chiqargan chiplarni — H20, RTX 6000D va L20 modellarini sotib olishdan ogohlantirib kelmoqda. Shu sababli Tramp qarori yangi savdolarga olib keladimi-yo‘qmi — bu hali noma’lum.

Shu bilan birga, Trampning Si Jinping munosabati haqidagi so‘zlaridan keyin Xitoy tartibga soluvchi organlari Nvidia’ga nisbatan qattiq siyosatini yumshatishi ham mumkin. Lekin, Xitoy o‘zining ilg‘or chip ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishda qat’iy davom etadi.

Huawei’ning Xitoydagi bosh ofisi

Hozir Xitoyda mahalliy AI chip ishlab chiqaruvchilar qatoriga texnologiya giganti Huawei Technologies, shuningdek Cambricon va Moore Threads kabi nisbatan kichik kompaniyalar ham kiradi.

Mavzuga oid