Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Kiyevga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni va «Koreya ssenariysi»ni taklif qilmoqda
Vashington va Kiyev 2027 yildayoq Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini nazarda tutuvchi tinchlik rejasini muhokama qilmoqda. Boshqa g‘oyalar orasida demilitarizatsiya zonasini yaratish va AQSh tomonidan xavfsizlik kafolati ham bor.
Foto: Getty images
Vashington va Kiyev Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini muhokama qilish doirasida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga 2027 yildayoq qo‘shilish taklifini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi The Washington Post (WP) sharhlovchisi Devid Ignatius 9 dekabr kuni e’lon qilingan maqolasida Amerika va Ukraina rasmiylariga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tezkor qabul qilinishiga qarshi bo‘lgan Yevropa Ittifoqi davlatlari, jumladan Vengriya qarshiligini yengish mumkin, deb hisoblaydi.
Vashingtonning fikricha, Yevropa Ittifoqiga a’zolik Ukrainaning iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishi, savdo va investitsiyalarning kengayishiga va korrupsiyaga qarshi kurashning kuchayishiga olib kelishi kerak. Shu bilan birga, Donetsk viloyatidan Xerson va Zaporojiyegacha bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i bo‘ylab quroldan xoli hudud yaratish g‘oyasi muhokama qilinmoqda.
Ignatiusning yozishicha, bu hududdan tashqarida yana bir chuqurroq zona paydo bo‘lishi mumkin, u yerda og‘ir qurollar taqiqlanadi. Uni Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demilitarizatsiya zonasiga o‘xshash tarzda doimiy kuzatuv ostiga olish rejalashtirilgan.
WP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga NATO Nizomining 5-moddasi bilan taqqoslanadigan xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor. Kiyev bunday hujjat nafaqat imzolanishi, balki AQSh Kongressi tomonidan ratifikatsiya qilinishini talab qilmoqda. Yevropa davlatlari, o‘z navbatida, o‘z kafolatlarini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, AQSh yangi milliy xavfsizlik strategiyasi Vashingtonning Rossiya tomonidan takroriy tajovuz bo‘lgan taqdirda Yevropaga harbiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini shubha ostiga qo‘yadi, ammo Tramp jamoasi AQSh Ukrainani razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlashda davom etishiga ishontirmoqda.
Boshqa takliflar qatorida Zaporojiye atom elektr stansiyasini AQSh nazoratiga o‘tkazish ham muhokama qilinmoqda, deb yozadi WP.
Mavzuga oid
23:12 / 10.12.2025
AQSh XJSdan Trampni ta’qib qilmaslikni talab qildi
21:38 / 10.12.2025
Tramp doktrinasi: Rossiya bilan yarashamiz, Xitoy bilan tirashamiz!
18:53 / 10.12.2025
AQSh hukumati yil boshidan beri 85 mingta vizani bekor qildi
16:43 / 10.12.2025