Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: Amerikaliklar Yevropa demokratiyasini qutqarishi shart emas
Germaniya kansleri AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasini tanqid qildi. U hujjatdagi ayrim qoidalarni «Yevropa nuqtai nazaridan qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi.
Foto: Lisi Niesner/REUTERS
GFR kansleri Fridrix Mers o‘tgan hafta e’lon qilingan AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Yevropaga nisbatan bildirilgan tanqidlarni keskin rad etdi. Chorshanba, 9 dekabr kuni Reynland-Pfalsga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida jurnalistlar oldida so‘zlar ekan, u hujjat mazmuni umuman olinganda kutilmagan narsa emasligini, ammo ayrim bandlari Yevropaga mos tushmasligini bildirdi.
Mersning aytishicha, hujjat mazmuni AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC)da aytgan fikrlariga mos keladi. «(Strategiyadagi – tahr.) ayrim nuqtalar butunlay tushunarli, ayrimlarini izohlab berish mumkin, ammo ba’zilari Yevropa nuqtai nazaridan biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigandir», — dedi kansler. «Men Yevropa demokratiyasini endi amerikaliklar qutqarishi kerak degan ehtiyojni ko‘rmayapman. Agar uni qutqarish kerak bo‘lganida, biz buni o‘zimiz uddalagan bo‘lardik», — deb ta’kidladi u.
Germaniya hukumati rahbari AQShni tobora kuchayib borayotgan yakkalanish xavfidan ogohlantirdi va Germaniyaning sheriklik taklifini bildirdi. Mersning tushuntirishicha, u amerikaliklar bilan muzokaralarda «Amerika — avvalo» tamoyili (America First)ni qabul qilish mumkinligini ta’kidlaydi, ammo «Amerika — o‘zi bilan o‘zi» (America alone) shiori AQSh manfaatlariga mos kelmasligini ko‘rsatadi.
«Sizlarga ham dunyoda hamkorlar kerak, shunday hamkorlardan biri Yevropa bo‘lishi mumkin. Agar Yevropa bilan umumiy til topa olmasangiz, kamida Germaniyani o‘zingizga sherik qilib oling», — dedi GFR kansleri.
Mersning fikricha, umumiy maqsad — «qit’ada erkinlik, xavfsizlik va tinchlikni saqlab qolish»dan iborat. «Va men amerikaliklar bu yo‘lda ortimizdan ergashadi, buni o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri va zarur, deb hisoblaydi, degan umiddaman. Agar shunday bo‘lmasa, bunga tayyor turishimiz kerak», — deya xulosa qildi hukumat rahbari.
AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi 5 dekabr kuni Oq uy saytida e’lon qilindi va turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Hujjatda Yevropadagi vaziyat qattiq tanqid ostiga olingan. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bahosiga ko‘ra, Yevropaning jiddiy muammolari qatoriga migratsiya siyosati, «so‘z erkinligiga nisbatan senzura va siyosiy muxolifatni bostirish, tug‘ilish ko‘rsatkichining keskin pasayishi, shuningdek, milliy o‘zlikni yo‘qotish» kiradi.
AQSh vitse-prezidenti Vens 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlar ekan, Yevropa davlatlarining migratsiya, so‘z erkinligi va xavfsizlik sohasidagi siyosatini tanqid qilgan edi. «Yevropaga nisbatan meni eng ko‘p xavotirga soladigan tahdid — bu Rossiya ham emas, Xitoy ham emas, boshqa birorta tashqi omil ham emas. Meni tashvishga soladigan tahdid — bu ichkaridagi xavf, Yevropa AQSh bilan bo‘lishadigan eng muhim qadriyatlaridan ayrimlaridan chekinib borayotganidir», — degan edi u o‘shanda.
Mavzuga oid
15:25
Tramp Kiyevni prezidentlik saylovlarini qayta o‘tkazishga chaqirdi
13:05
Zelenskiy: urushni to‘xtatish uchun bandlarni AQShga topshirishga tayyormiz
11:44
Mers: Ukraina ishtirokisiz tinchlik shartnomasini tasavvur qilib bo‘lmaydi
10:12