Jahon | 20:00 / 10.12.2025
8890
4 daqiqa o‘qiladi

«Hech kimga sezdirmasdan». Putin o‘zi ham mashina haydab turishi va Moskva ko‘chalaridagi kurerlar haqida

Rossiya prezidenti ba’zida «hech kimga bildirmasdan», kortejsiz harakatlanishi hamda kurerlarning elektrvelosipedda harakatlanishi bilan bog‘liq muammolarga guvoh bo‘lishi haqida gapirdi. U jo‘natmalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun Ichki ishlar vazirligi va regionlar rahbariyatlariga topshiriqlar berishini aytgan.

Foto: Mixail Klimentev/RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan uchrashuvda ba’zida «hech kimga sezdirmasdan», qo‘riqchilarsiz mashina haydashi haqida gapirib berdi.

«Qanchalik g‘alati tuyulmasin, men doim ham migalka va signallar bilan yurmayman», – degan Putin ba’zida hech qanday kortejlarsiz, «hech kimga sezdirmasdan» mashina haydashi haqida. U bu so‘zlar bilan «Russkiy reporter» jurnali muharriri o‘rinbosari, kengashda chiqish qilgan Marina Axmedovaning so‘zlariga munosabat bildirgan, ushbu jurnalist yo‘llarda elektr samokatlar va elektr velosipedlarda harakatlanayotgan kurerlar piyodalar uchun xavf tug‘dirayotgani haqida gapirgandi.

«Dostavka xizmati bilan nimalar bo‘layotganini ko‘rib turibman. Albatta, bu fuqarolarimizni tashvishga solmoqda. Bu haqda menga ayrim regionlar rahbarlari, xususan, Sankt-Peterburg gubernatori gapirib berdi», – deya RF prezidenti so‘zlarini keltiradi RBK.

U kurerlar elektr transport vositalarida harakatlanish orqali fuqarolar uchun xavf tug‘dirayotgani haqidagi fikrga qo‘shilgan. «Tabiiyki, avvalo mahalliy, mintaqaviy hukumatlar bu masalani hal qilib olishlari kerak», – degan u.

Putin IIVga va regionlar rahbalariga dostavka xizmatlari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha topshiriq berishni va’da qilgan.

Dekabr oyi boshida Moskva meri Sergey Sobyanin rasmiylar shaharda elektr samokatlar va boshqa individual harakatlanish vositalari (SIM)dan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmayotganini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, moskvaliklarning qariyb 80 foizi ishda ushbu transport turidan tez-tez foydalanadigan kurerlar xizmatidan foydalanadi. U shahardagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida kurerlar uchun majburiy standartlar joriy etilganini ta’kidlagan.

«Deptrans» ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyida Moskvada bunday transport vositalari ishtirokidagi avariyalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44 foizga kamaygan. Shu bilan birga, bunday vositalardan foydalanish holatlari soni 3 millionga oshgan.

Rossiyaning bir qancha shaharlarida elektr samokatlardan foydalanish taqiqlangan yoki cheklangan. Moskvaning bir qator hududlarida soat 12:00 dan 23:59 gacha elektr samokatlardan foydalanish taqiqlangan. Blagoveshchenskda esa u butunlay taqiqlangan.

Transport vazirligi individual harakatlanish vositalarini boshqarish huquqini olishga ehtiyoj sezmayapti. Shu bilan birga, idora barcha bunday vositalar uchun qo‘shimcha tartibga solish me’yorlarini joriy etish tarafdori. O‘tgan yili vazirlik 2026 yil 1 sentabrdan boshlab barcha bunday individual harakatlanish vositalarini federal reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish, «hisob raqami» (avtomobil davlat raqami analogi) va «hisob belgisi» (QR-kod) olishni joriy etishni taklif qilgandi.

Shuningdek, rasmiylar ularning trotuarlarda harakatlanishini taqiqlash va tezlikni cheklashni muhokama qilmoqda. Tergov qo‘mitasi esa barcha samokatchilarni haydovchilarga tenglashtirish zarur deb hisoblaydi.

Mavzuga oid