Jahon | 22:35 / 11.12.2025
4533
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainada dunyodagi eng yuqori texnologiyali demilitarizatsiya zonasini yaratishga va’da berdi

Biroq, unda asosiy narsa - xavfsizlik kafolatlari yo‘q.

Foto: Getty images

AQSh tinchlik rejasi Ukrainada urushayotgan tomonlarni Koreya namunasi bo‘yicha ajratadigan demilitarizatsiya zonasini (quroldan holi hududni) yaratishni nazarda tutadi. Biroq, unda asosiy narsa yo‘q - Janubiy Koreyada 70 yildan ortiq vaqt davomida amalda bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari.

Demilitarizatsiya zonasi to‘g‘risidagi nizom Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va prezidentning kuyovi Jared Kushner Putinning elchisi Kirill Dmitriyev so‘zlaridan tuzgan 28 banddan iborat rejada mavjud edi. Bu haqda Ukraina rasmiylari va Yevropa elchilariga AQSh armiyasi vaziri Den Driskoll ham ma’lum qildi, uni Tramp noyabr oyida Ukraina rasmiylarini bu rejani qabul qilishga ko‘ndirish uchun Kiyevga yuborgan edi. Driskollning aytishicha, Tramp ma’muriyati kelishuv doirasida Ukraina xavfsizligini ta’minlashga va mamlakat sharqida «dunyodagi eng yuqori texnologiyali quroldan holi hudud» yaratishga tayyor. «Biz dunyodagi eng kuchli liniyani ta’minlaymiz», dedi u.

Muzokaralarda ishtirok etgan Ukraina rasmiylariga ko‘ra, AQSh 1953 yildan beri Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turgan demilitarizatsiya zonasiga o‘xshash hudud yaratishni talab qilmoqda. Ammo Volodimir Zelenskiy bunday qarorni mustahkam tinchlikka erishish yo‘li sifatida emas, balki Moskvaga qayta to‘planish, kuchlarni tiklash va yangi hujumni boshlash imkonini beradigan mojaroni muzlatish sifatida ko‘radi. Ayniqsa, AQSh Ukrainada o‘z tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishdan bosh tortmoqda, Janubiy Koreyadagi Amerika kontingenti esa 28 500 nafar harbiy xizmatchini tashkil etadi.

Driskollning yuqori texnologiyali demilitarizatsiya zonasini yaratish va’dasidan tashqari, Ukrainaga hech qanday aniq xavfsizlik kafolatlari va’da qilinmagan. Zelenskiy Vashingtonga AQSh va Yevropa bilan muzokaralardan keyin qolgan 20 ta bandning har biri bo‘yicha Kiyevning pozitsiyasi bilan rasmiy javob yuborilganini ma’lum qildi. Ukraina rasmiysiga ko‘ra, javobda «bularning barchasini [ya’ni tinchlik rejasini] amalga oshirish» imkonini beradigan izohlar va tuzatishlar mavjud. Ular orasida hudud va Zaporojiye AES kabi bahsli masalalar bo‘yicha yangi g‘oyalar bor.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid