Jahon | 09:59
2623
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Venesuela sohillari yaqinida juda yirik neft tankerini musodara qildi

AQSh Bosh prokurori - FQB va harbiylar ko‘magida Venesuela va Eronning sanksiyalangan neftini tashish uchun ishlatilgan neft tankeriga nisbatan musodara orderi ijro etilganini ma’lum qildi. Tramp esa uning neftini «menimcha, o‘zimizda saqlaymiz» dedi.

Foto: Reuters

10 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela sohillari yaqinida sanksiya ostidagi neft tankeri musodara qilinganini ma’lum qildi. Reutersʼning yozishicha, bu harakat neft narxlarining ko‘tarilishiga va Vashington bilan Karakas o‘rtasidagi keskinlikning keskin oshishiga olib keldi.

«Biz Venesuela sohilida bir tanker musodara qildik, katta tanker, juda katta. Aslida hech qachon bo‘lmagan darajada eng kattasi va yana boshqa narsalar ham bo‘lyapti», dedi Tramp. U Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni iste’foga chiqishga majburlash uchun bosim o‘tkazib kelmoqda.

Neftga nima bo‘lishi haqida so‘ralganda, Tramp: «Uni o‘zimizda saqlaymiz, menimcha», deb javob berdi.

AQSh bosh prokurori Pam Bondi e’lon qilgan videoga ko‘ra, FQB, Ichki xavfsizlik departamenti, Sohil xavfsizlik xizmati va AQSh harbiylarining ko‘magida Venesuela va Eronning sanksiyalangan neftini tashish uchun ishlatilgan xom neft tankeriga nisbatan musodara orderi ijro etilgan.

Bondi joylashtirgan 45 soniyalik videoda ikki vertolyot kema tomon yaqinlashayotgani va kamuflyaj kiyimdagi qurollangan shaxslar undan pastga tushayotgani aks etgan. Tramp ma’muriyati rasmiylari na kemaning nomini, na joylashuvini ochiqladi.

Britaniyaning dengiz xavfsizligi kompaniyasi Vanguard — juda yirik xom neft tashuvchisi Skipper chorshanba kuni ertalab Venesuela yaqinida musodara qilingan, deb hisoblanmoqda. AQSh bu tankerga Eron nefti savdosida qatnashgan deb sanksiya qo‘ygan, o‘sha paytda u Adisa deb atalgan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Skipper 4–5 dekabr kunlari Venesuelaning asosiy Jose portidan 1,8 million barrel Merey og‘ir xom neftini yuklab chiqib ketgan. U musodara qilinishidan oldin taxminan 200 ming barrelni Kuba tomon yo‘l olgan boshqa kemaga ko‘chirgan.

Venesuela hukumati o‘zining javob bayonotida AQShni «oshkora o‘g‘irlik»da aybladi va musodarani «xalqaro qaroqchilik harakati» deb ta’rifladi. Hukumat bu hodisani xalqaro tashkilotlar oldida muhokama qilishini bildirdi. Maduro chorshanba kuni Venesueladagi namoyishda nutq so‘zladi, ammo musodara haqidagi xabarlarni tilga olmadi.

Foto: Reuters

Tramp Venesuelaga AQShning harbiy aralashuvi ehtimoli haqida qayta-qayta gapirib kelmoqda. Ushbu musodara — AQSh sanksiyalari davrida Venesuela neft yukining birinchi musodara qilinishi hisoblanadi.

Tramp ma’muriyati sentabr boshidan buyon Karib va Tinch okeanida narkotik tashishda gumon qilingan kemalarga nisbatan 20 dan ortiq zarbalar uyushtirgan, bu jarayonda 80 dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan.

Mutaxassislarning aytishicha, bu zarbalar noqonuniy bo‘lishi mumkin. Kema haqiqatan ham narkotik tashiyotganini yoki uni portlatib yuborish zarur bo‘lganini isbotlovchi dalillar jamoatchilikka taqdim etilmagan. Odatda kema to‘xtatilishi, yuk musodara qilinishi va ekipajdan so‘roq olinishi mumkin edi.

Musodara haqidagi xabarlar ortidan neft narxlaridan biroz ko‘tarilish kuzatildi.

Vashington Maduroni bosim ostiga olayotgan bo‘lsa-da, Tramp ma’muriyati ilgari neft oqimiga bevosita aralashmagandi. Raqobat kuchaygani uchun Venesuela Xitoyga sotayotgan neftini katta chegirma bilan berishga majbur bo‘lyapti. Raqobatning o‘zi esa Rossiya va Eronning sanksiya ostidagi nefti bilan bog‘liq.

Mavzuga oid