Jahon | 16:16
706
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp kelasi yil boshida G‘azo Tinchlik kengashi a’zolarini e’lon qilmoqchi

«Qirollar, prezidentlar, bosh vazirlar - hammasi Tinchlik kengashida bo‘lishni istayapti», dedi Donald Tramp. AQSh rejasiga ko‘ra, Kengash – G‘azoda o‘tish davri ma’muriyati hisoblanadi.

Foto: New York Times

G‘azo Tinchlik kengashiga jahon yetakchilari orasidan kimlar a’zo bo‘lishi bo‘yicha e’lon kelasi yil boshida ma’lum qilinadi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbir chog‘ida aytdi.

AQSh yetakchisiga ko‘ra, G‘azo sulhi doirasida tuzilgan mazkur kengashga turli mamlakatlar yetakchilari qo‘shilishni xohlamoqda.

«Qirollar, prezidentlar, bosh vazirlar — hammasi Tinchlik kengashida bo‘lishni istayapti», dedi Tramp. «Bu tarixdagi eng afsonaviy kengashlardan biri bo‘ladi. Hamma unda bo‘lishni istayapti». U bu e’lon yangi yil boshida ma’lum qilinishini ta’kidladi.

BMT Xavfsizlik kengashi 17 noyabrda qabul qilgan rezolyutsiya Tinchlik kengashiga hamda unga a’zo davlatlarga Xalqaro Barqarorlashtirish kuchlarini tuzish va G‘azoga joylashtirishga ruxsat beradi.

AQSh tomonidan loyihalashtirilgan ushbu rezolyutsiyada Tinchlik kengashi o‘tish davri ma’muriyati sifatida tasvirlanadi. Kengash G‘azoni qayta tiklashga doir moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtiradi va rivojlanishning umumiy yo‘nalishini belgilab beradi.

Rezolyutsiyada aytilishicha, Tinchlik kengashi «Falastin ma’muriyati o‘zining islohot dasturini yetarli darajada yakunlab, G‘azoni xavfsiz va samarali tarzda qayta nazoratiga ola oladigan vaqtga qadar» faoliyat yuritadi.

Ayni vaqtda, xalqaro vositachilari ko‘magi bilan Isroil va Hamas o‘rtasidagi mo‘rt sulh amal qilmoqda. Hamas G‘azoda qolayotgan so‘nggi jasadni topib qaytarganidan keyin sulhning 2-bosqichi boshlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid