Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinni hibsga olishga order bergan XJS sudyasi Rossiyada sirtdan hukm qilindi
XJS prokurori Karim Xon «RF fuqarolarini hibsga olish bo‘yicha qasddan noqonuniy buyruqlar chiqarish» bo‘yicha ko‘rsatma berganlikda aybdor deb topildi. Unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va qidiruvga berildi.
Moskva shahar sudi prokuror va Xalqaro jinoiy sudning (XJS) sakkiz nafar sudyasini Rossiya fuqarolarini noqonuniy ta’qib qilishda ayblab, sirtdan hukm chiqardi, deb xabar berdi Rossiya Bosh prokuraturasi.
XJS prokurori Karim Xon «RF fuqarolarini hibsga olish bo‘yicha qasddan noqonuniy buyruqlar chiqarish» bo‘yicha ko‘rsatma berganlikda aybdor deb topilgan. Unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, dastlabki to‘qqiz yilini qamoqda, qolgan qismini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
XJS boshqa vakillari 3,5 yildan 15 yilgacha sirtdan ozodlikdan mahrum etildi. Rossiya Tergov qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, sudyalar Tomoko Akane, Rosario Salvatore Atala, Serxio Xerardo Ugalde Godines, Xaykel Ben Mafud, shuningdek, Haagadagi sud raisi Pyotr Yuzef Xofmanskiy, uning o‘rinbosarlari Karrans Lus del Karmen Ibanes, Bertram Shmitt va Rene Adelaida Sofi Alapinini-Gansu sudlangan. Hukmlar chiqarilgach, prokuror va sudyalar xalqaro qidiruvga berildi. Shu bilan birga, Bosh prokuratura Haagadagi sud qaysi rossiyaliklarni ta’qib qilganiga aniqlik kiritmadi.
2023 yil mart oyida XJS Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Sudning fikricha, ular bolalarni Ukraina va bosib olingan hududlardan Rossiyaga noqonuniy ko‘chirish va deportatsiya qilish uchun «javobgar bo‘lishi mumkin». Bunga javoban Rossiya Tergov qo‘mitasi XJS sudyalari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Shundan so‘ng Putin Haagadagi sudni AQSh, Xitoy va Turkiya tan olmaydigan «kam hurmatli» va «mustaqil bo‘lmagan» tashkilot deb atadi. Shuningdek, u hukumatlararo kelishuvlar orqali hibsga olish orderini osongina chetlab o‘tishi mumkinligiga ishontirdi. Shunga qaramay, ta’kidlanishicha, Putin so‘nggi bir necha yil ichida hibsga olish tahdidi tufayli bir nechta davlatlarga tashrif buyurishdan bosh tortdi.
Xususan, 2025 yilda u Janubiy Afrikadagi G20 sammiti va Braziliyadagi BRICS sammitiga uchmadi. Shu bilan birga, 2024 yil sentabr oyida Putin Mo‘g‘ulistonga, 2025 yil oktyabr oyida esa Tojikistonga tashrif buyurdi. Ikkala davlat ham XJS a’zosi, biroq Rossiya prezidentini hibsga olmadi. Yevropa Ittifoqi shu tufayli Ulan-Bator va Dushanbeni tanqid qildi.
Mavzuga oid
09:32 / 20.06.2026
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026