Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: AQSh Donbassda demilitarizatsiya qilingan zona taklif etmoqda
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh rejasi Ukraina Qurolli kuchlarining Donetsk viloyatining okkupatsiya qilinmagan qismidan chiqib ketishini nazarda tutadi. Evaziga Rossiya bu hududga o‘z qo‘shinlarini kiritmaslikni va’da qilishi kerak bo‘ladi.
Foto: REUTERS
AQSh, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushi to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar doirasida mamlakat sharqida demilitarizatsiya qilingan maxsus iqtisodiy zona barpo etishni taklif qilmoqda.
«Ular (AQSh tomoni)ning taklifiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Donetsk viloyati hududini tark etadi, ya’ni, taklif qilinayotgan kompromiss shundan iboratki, Rossiya Qurolli kuchlari bu hududga kirmaydi», — dedi Zelenskiy payshanba, 11 dekabr kuni Kiyevda jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Zelenskiyning aytishicha, AQSh fikriga ko‘ra, Rossiya armiyasi Donetsk, Xerson va Zaporijjya viloyatlaridan qo‘shin chiqarishga majbur qilinmasligi mumkin. Shu bilan birga, amerikaliklarning rejasiga muvofiq, Rossiya Dnipropetrovsk, Xarkiv va Sumi viloyatlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi shart bo‘ladi.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, AQSh bilan muzokaralarda bahsli bo‘lib qolayotgan bandlardan biri «Donetsk viloyati hududi va u bilan bog‘liq barcha masalalar», shuningdek hozircha Rossiya nazorati ostida turgan Zaporijjya atom elektr stansiyasining kelajakdagi maqomi hisoblanadi.
«Bu ikki masalani biz hali ham muhokama qilib kelmoqdamiz», — dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti fikriga ko‘ra, mamlakat hududi bilan bog‘liq har qanday kompromiss butun xalq ishtirokidagi muhokamaga qo‘yilishi zarur.
«Menimcha, bu savolga ukrain xalqi javob berishi kerak. Bu saylov orqalimidi yoki referendum orqalimidi — baribir, ukrain xalqining pozitsiyasi ifoda etilishi shart», — dedi u.
Zelenskiy, shuningdek, AQSh ma’muriyati vakillari bilan Ukraina uchun ehtimoliy Amerika xavfsizlik kafolatlarini muhokama etganini ma’lum qildi. Prezidentning yozishicha, u payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) AQSh tomoni bilan «konstruktiv va batafsil suhbat» o‘tkazganini qayd etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, telefon orqali bo‘lib o‘tgan muloqotda AQSh davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Hegset, AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff, shuningdek AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner ishtirok etgan.
«Yaqin kelajakda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha aniqroq tushuncha paydo bo‘ladi», — dedi Zelenskiy, biroq batafsil ma’lumotlarni oshkor etmadi.
AQSh taxminan uch haftacha oldin Ukrainadagi urushiga chek qo‘yish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgan edi. Dastlabki variantni ko‘pchilik Moskva uchun haddan tashqari qulay, deb hisoblagan. Keyinchalik u Kiyev va yevropalik ittifoqchilar bosimi ostida qayta ishlab chiqildi.
Kiyev va uning yevropalik sheriklari Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olgan yana qator o‘zgarishlarni talab qilmoqda.