O‘zbekiston | 21:04 / 13.12.2025
1613
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnam O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladi

O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Oybek Eshonov (qarorgohi Jakartada joylashgan) Vetnam prezidenti Liong Kiongga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: dunyo.info

Xanoydagi prezident saroyida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosim doirasidagi qisqa suhbat chog‘ida Vetnam rahbari O‘zbekiston prezidentiga chuqur hurmat va eng ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi. U Vetnam mavjud ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni yuqori baholashini va ularni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vetnam hukumati O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda ishonchli va ustuvor hamkor deb biladi.

Vetnam prezidenti geografik uzoqlikka qaramay, ikki tomonlama hamkorlik izchil ravishda rivojlanayotganini qayd etdi. Shuningdek, u Vetnam O‘zbekistonni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan bog‘laydigan o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashi hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Vetnam hamkorligini faollashtirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Vetnam prezidenti O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlarini, olib borilayotgan islohotlar natijalarini va mamlakatda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Elchi Oybek Eshonov 2024 yil noyabrda Jakartada Indoneziya prezidenti Subianto Prabovoga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirgan va 2025 yil mart oyidan boshlab Janubi-Sharqiy Osiyo Davlatlari Assotsiatsiyasi (ASEAN) huzuridagi doimiy vakil sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid