Jahon | 23:10 / 18.12.2025
1226
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniya Rossiya harbiylari chegarani buzganini ma’lum qildi

Estoniya rasmiylariga ko‘ra, rossiyalik chegarachilar mamlakat hududida jami 20 daqiqaga yaqin vaqt bo‘lgan, ularning maqsadi noma’lum.

Foto: PPA

17 dekabr kuni ertalab uch nafar rossiyalik chegarachi sharqdan Estoniya hududiga kirdi, deb xabar berdi Estoniya ichki ishlar vaziri Igor Taro.

Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea Vasknarva qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. U yerda Narva daryosi o‘rtasida to‘lqinkesar bo‘lib, uning katta qismi Estoniya hududida, kichik qismi esa Rossiya hududida joylashgan.

«17 dekabr kuni ertalab soat 10 atrofida rossiyalik chegarachilar kemada to‘lqinkesarga suzib keldi, qirg‘oqqa tushdi va piyoda Rossiya-Estoniya nazorat chizig‘ini kesib o‘tdi, shundan so‘ng kemaga qaytib, Rossiya qirg‘oqlariga suzib ketdi», deyiladi xabarda.

Estoniya rasmiylariga ko‘ra, rossiyalik chegarachilar mamlakat hududida jami 20 daqiqaga yaqin vaqt bo‘lgan. Ularning maqsadi noma’lum.

Estoniya chegarachilari kuzatuv kameralari orqali rossiyaliklarning harakatlanishini payqagan va bir nechta patrulni yuborgan, biroq qoidabuzarlarni qo‘lga olishga ulgurmagan. To‘lqinkesar tekshirilgan.

«Bunda xavfsizlikka bevosita tahdid yuzaga kelmadi, biroq Estoniya chegara qo‘riqlash boshqarmasi o‘z ishtiroki va patrul xizmatini sezilarli darajada kuchaytirdi», dedi Taro. U sodir bo‘lgan voqeani Rossiya provokatsiyasi deb hisoblash mumkinmi, degan savolga aniq javob qaytarmadi.

18 dekabr kuni Estoniya chegarachilari Rossiya chegara xizmati vakillari bilan voqea yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Rossiya chegarachilari chegarani noqonuniy kesib o‘tganini tan olmadi. O‘z navbatida, Estoniya Tashqi ishlar vazirligi norozilik notasini topshirish uchun Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishlar vakilini chaqirdi.

Mavzuga oid