Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: YeI sammitida Rossiyaga “aniq signal” yuborish kerak
Fridrix Mers YeI sammiti arafasida yana bir bor Ukrainaga yordam berish uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishga chaqirdi. Germaniya kansleri ta’kidlashicha, maqsad urushni cho‘zish emas, uni tezroq yakunlashdir.
Foto: Halil Sagirkaya/Anadolu/picture alliance
Germaniya Federal kansleri Fridrix Mers 18 dekabr kuni Bryusselda ochiladigan Yevropa Ittifoqi sammitida YeI hududida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanish haqida qaror qabul qilishga qat’iy chaqirdi. Mersning aytishicha, bu qadam Rossiya uchun “aniq signal” bo‘ladi — harbiy tajovuzni davom ettirishning ma’nosi yo‘q. Bu haqda u chorshanba, 17 dekabr kuni Bundestagda hukumat bayonoti bilan chiqish qilar ekan, ma’lum qildi.
Mers ta’kidlashicha, Rossiya aktivlari Ukrainaga yana ikki yil davomida harbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlashi mumkin. Shu bilan birga, u bunday qaror “juda katta oqibatlarga ega” ekanini qayd etdi. “Gap — Yevropa xavfsizligi va suverenitetidan boshqa hech narsa haqida emas”, — dedi nemis hukumat rahbari. Mers eslatishicha, maqsad urushni cho‘zish emas, balki uni imkoni boricha tezroq yakunlashdir. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa komissiyasining Rossiya aktivlari bo‘yicha taklifi xalqaro huquq va xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos keladi.
18–19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida Ittifoqqa a’zo 27 davlatning rahbarlari Belgiyada bloklangan Rossiya Markaziy banki aktivlari — taxminan 185 mlrd yevro bilan qanday yo‘l tutish masalasini hal qilishni rejalashtirmoqda. Mers bu choraning asosiy tarafdorlaridan biri hisoblanadi. Biroq ayrim davlatlar, jumladan Belgiya va Italiya, uning huquqiy va siyosiy oqibatlari bo‘yicha jiddiy xavotir bildirayotgani aytilmoqda.
Sammit ishtirokchilari, shuningdek, Yevropa komissiyasi taklif qilgan Kiyevni kreditlashning murakkab sxemasini muhokama qiladi. Unga ko‘ra, Ukrainaga “reparatsion kredit” berishda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalaniladi hamda YeI davlatlari milliy kafolatlar taqdim etadi. Mablag‘larni Rossiyaga qaytarish faqat urush tugagach, Rossiya Ukrainaga reparatsiyalar to‘lagan taqdirdagina mumkin bo‘lishi qayd etiladi.
Yevropa Ittifoqi Kengashi 12 dekabr kuni muzlatilgan aktivlardan tushgan mablag‘larni Rossiyaga qayta o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi. Taqiq Rossiyaning urush bilan bog‘liq harakatlari oqibatida YeIda “iqtisodiy vaziyat yanada jiddiy yomonlashib ketishi xatarlari saqlanib turgan” davr mobaynida amal qilishi aytilgan. O‘sha kuni RF Markaziy banki Euroclear’ga qarshi Moskva sudiga da’vo arizasi kiritgan.
Avvalroq Germaniya va YeIning boshqa bir qator davlatlari ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaning YeIda muzlatilgan mablag‘larini qaytarishga muddatsiz taqiq joriy etishga qaror qilgan edi. Bu qadam YeI mamlakatlariga aktivlarni muzlatish masalasini har yarim yilda qayta ovozga qo‘ymaslik imkonini beradi — bunday amaliyot shu paytgacha davom etib kelgan.
Mavzuga oid
16:40
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
16:35
Rossiya Mudofaa vazirligi: 2025 yilda Ukrainadagi urushga 11 trln rubl sarflanadi
16:08
Yevroparlament Rossiya gazidan voz kechish rejasini tasdiqladi
14:17