O‘zbekiston | 08:38
651
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yaponiya parlamentlari aloqalarini faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat parlamenti Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokaralarda parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Maslahatchilar palatasi vakillari joriy yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150 yilligiga bag‘ishlangan sessiyada faol ishtirok etgani qayd etildi.

Tomonlar yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini o‘tkazish, shuningdek, 2026 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar parlamentlari a’zolari global konferensiyasida Yaponiya delegatsiyasining ishtirok etishi masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda parlamentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, texnologik va madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhimligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid