Jahon | 14:32
1292
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi boshpanaga hujum qilgan Isroil, Rossiya tankerini safdan chiqargan Ukraina va IShID obektlariga zarba bergan AQSh – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil G‘azodagi maktab-boshpanaga hujum qildi

Isroil kuchlari G‘azodagi Al-Tuffah mahallasida ko‘chirilganlar yashayotgan maktabga zarba berdi, oqibatda besh nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda juma kuni «Al-Shifa» shifoxonasi rahbari Muhammad Abu Selmiya Reutersʼga ma’lum qilgan.

Falastin favqulodda xizmatlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati bolalar bo‘lgan. Shuningdek, bir qancha jarohatlanganlar davolanish uchun shifoxonalarga yetkazilgan.

Isroil Mudofaa Kuchlari «sulh chizig‘idan tashqarida joylashgan tuzilmalarda «shubhali shaxslar» aniqlangani va ularga qarata o‘q uzilganini» ma’lum qildi.

Hamas esa hujumni «vahshiy jinoyat» deb atab, uni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining navbatdagi buzilishi sifatida baholadi.

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, oktyabr oyida sulh boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 400 nafarga yetgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, G‘azoda ocharchilikning oldi olingan, biroq humanitar vaziyat nihoyatda beqaror. G‘azoda aholining 75 foizidan ortig‘i, ya’ni 1,6 million kishi — «o‘ta keskin oziq-ovqat tanqisligi va og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik xavfi»ga duch kelishi kutilmoqda.

Guterrish yana bir bor «o‘t ochishni barqaror to‘xtatish», ko‘proq o‘tish punktlarini ochish va muhim tovarlarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.

AQSh IShID nishonlariga zarba berdi

19 dekabr kuni AQSh harbiylari Suriyada joylashgan IShIDga aloqador o‘nlab nishonlarga qarshi keng ko‘lamli zarbalar berdi. Rasmiylarga ko‘ra, bu — bir necha kun avval IShIDning amerikalik harbiylarga qilgan hujumiga javoban amalga oshirilgan.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset «Bu urushning boshlanishi emas — bu qasos e’lonidir», dedi. Donald Tramp esa Suriya hukumati zarbalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaganini va AQSh «juda jiddiy javob zarbalari» berayotganini yozdi.

«Biz Suriyadagi IShID bezorilarini urdik… Bu juda muvaffaqiyatli bo‘ldi», dedi Tramp.

AQSh Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, zarbalar Suriyaning markaziy hududlaridagi 70 dan ortiq nishonni urgan. Amaliyotni Iordaniya qiruvchi samolyotlari qo‘llab-quvvatlagan. AQSh harbiylari hujum — F-15 va A-10 samolyotlari, shuningdek, «APACHE» vertolyotlari va HIMARS raketa tizimlari yordamida amalga oshirilganini aytdi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, mamlakat IShIDga qarshi kurash va uning «Suriya hududida hech qanday boshpanaga ega bo‘lmasligini» ta’minlashga qat’iy sodiq.

So‘nggi oylarda AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning IShIDga qarshi havo zarbalari va quruqlikdagi amaliyotlarida Suriya xavfsizlik kuchlari ham ishtirok etmoqda. Hozirda Suriyada taxminan 1 000 nafar AQSh harbiysi qolmoqda.

Ukraina O‘rtayer dengizidagi Rossiya tankeriga zarba berdi

Juma kuni Ukraina ilk bor O‘rtayer dengizida Rossiyaning «soya floti»ga mansub neft tankeriga havo dronlari yordamida zarba berdi.

«Qendil» nomli tanker Ukraina hududidan 2 ming kilometrdan ortiq masofada, betaraf suvlar hududida urilgan. Ukraina Xavfsizlik xizmati zarba vaqtida kema bo‘sh bo‘lgani va jiddiy shikastlanganini bildirdi. «MarineTraffic» ma’lumotlariga ko‘ra, tanker Liviya qirg‘oqlari yaqinida joylashgan bo‘lgan.

Reuters’ga taqdim qilingan, yuqoridan olingan videotasvirlarda tanker palubasida kichik portlash aks etgani ko‘rinadi. Ukrainalik rasmiy – dronlar kemaga qanday yetib borgani haqida tafsilot bermadi, biroq amaliyot «ko‘p bosqichli» choralarni o‘z ichiga olganini aytdi.

Ukraina oxirgi ikki yil davomida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar berib kelmoqda, biroq so‘nggi haftalarda bu kampaniyasini sezilarli darajada kengaytirdi: Kaspiy dengizidagi neft platformalariga hujumlar uyushtirdi va Qora dengizda uchta tankerga dengiz dronlari bilan hujum qildi.

Rasmiy Moskva so‘nggi hujum yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Tayvan metrosida hujum: 3 kishi halok bo‘ldi

Juma kuni Tayvan poytaxtidagi metro bekatida sodir etilgan hujum oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, besh kishi jarohat oldi.

Hozircha ma’lum bo‘lgan tafsilotlarga ko‘ra, niqob taqqan shaxs Taypey markaziy metro bekatida tutunli granatalarni uloqtirgan. Shundan keyin gumonlanuvchi metroda bir bekatni bosib o‘tgan. U yana bekatdan chiqib bir nechta tutunli granatalar tashlagan. Shuningdek, u tashqarida pichoq bilan piyodalarga hujum qilgan, so‘ngra bir do‘konga yugurib kirgan.

Hujumni sodir etgan shaxs taxminan yigirma yoshlardagi erkak — hujumdan keyin yaqin atrofdagi binodan sakrab, halok bo‘lgan. Shu bilan halok bo‘lganlar soni to‘rt nafarga yetdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ayrim shaxslar nafaqat pichoq zarbalaridan, balki tutunli granatalar ta’sirida ham jarohat olgan.

Tayvan bosh vaziri Cho Jung hujumlarni «ataylab amalga oshirilgan harakat» deb atadi, uning motivi noma’lum. Politsiya mamlakat bo‘ylab temiryo‘l hamda metro bekatlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini bildirdi.

Yevropa fermerlari namoyishlar o‘tkazmoqda

Yevropa davlatlari o‘rtasidagi keskin muzokaralardan so‘ng Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bahsli «Mercosur kelishuvi»ni imzolashni yanvar oyiga qoldirdi.

Agan «Mercosur kelishuvi» imzolansa, u Argentina, Braziliya, Paragvay va Urugvay bilan bojxona to‘lovlarini qisqartirish hajmi bo‘yicha Yevroittifoq tarixidagi eng yirik kelishuv bo‘ladi.

18 dekabr kuni Bryusseldagi yig‘ilishda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni qo‘shimcha vaqt so‘raganidan so‘ng Yevrokomissiya savdo kelishuvini imzolashni kechiktirdi. Hozircha aniq sana belgilanmagan.

Bitim Yevropa hukumatlari tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘lib, buning uchun Ittifoq aholisining 65 foizini ifodalovchi kamida 15 davlat roziligi talab etiladi. Polsha va Vengriya kelishuvga qarshi, Fransiya va Italiya esa mol go‘shti, shakar, parranda go‘shti va boshqa mahsulotlar importi ko‘payishidan xavotirda.

Bitim tarafdorlari bo‘lgan Germaniya, Ispaniya va Skandinaviya davlatlari bu bitim AQSh va Xitoyga qarshi javob choralari ekanini aytmoqda.

Biroq yevropalik fermerlar Lotin Amerikasidan keladigan arzon mahsulotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazishidan hamda adolatsiz raqobatga olib kelishidan xavotirlanmoqda. Buning ortidan Bryusselda minglab traktorlar ishtirokida fermerlar namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid