O‘zbekiston | 10:06
979
2 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti doirasida ko‘p tomonlama biznes forumi o‘tkazildi

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘p tomonlama biznes forumida ishtirok etdi. Tadbirda mintaqa davlatlari yetakchilari va Yaponiya hukumati vakillari ishtirokida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, investitsiya va texnologiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Forumda Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Muhokamalarda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mintaqaga yapon sarmoyasi va ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini oshirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni mustahkamlashning dolzarb yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Forum doirasida qo‘shma iqtisodiy loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Jumladan:

Sumitomo, Chubu Electric Power, Shikoku Electric Power kompaniyalari tomonidan JBIC va NEXI ko‘magida O‘zbekistonda ikkita quyosh elektr stansiyasini qurish tashabbuslari;
Toyota Susho ishtirokida AT infratuzilmasini modernizatsiya qilish;
Sojitz kompaniyasi tomonidan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish;
JOGMEC ishtirokida yangi o‘ta muhim mineral konlarini o‘zlashtirish kabi investitsiya loyihalari shular jumlasidan.

Ma’lum qilinishicha, yetakchilar huzurida ushbu loyihalar bo‘yicha tegishli hujjatlar almashildi. Tadbir ishtirokchilari mazkur tashabbuslar O‘zbekiston – Yaponiya iqtisodiy sherikligini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishini qayd etdi.

Mavzuga oid