Chorshanbaga o‘tar kechasi AQSh Markaziy qo‘mondonligi xalqaro suvlarda savdo kemalariga qilingan hujumlarga javoban Eronga bir qator «kuchli» zarbalar bergandi.

Eron oliy qo‘shma harbiy qo‘mondonligi — «Hotam al-Anbiyo» markaziy shtabi AQSh zarbalarini «ochiqdan-ochiq tajovuzkorlik harakati» deb qoraladi. Shuningdek, rasmiy Tehron «halokatli javob» bilan tahdid qilib, AQShni bo‘g‘oz boshqaruviga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgandi.

Shundan so‘ng, chorshanba tongida Eron Islom inqilobi muhofizlar korpusi AQShning 85 ta asosiy harbiy obektini nishonga olgan holda qo‘shma raketa va dron operatsiyasini amalga oshirganini ma’lum qildi.

Nishonga olingan obektlar qatorida Bahrayndagi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 5-floti bazasi va Kuvaytdagi «Ali as-Salam» aviabazasi ham bor. Shuningdek, Eron kuchlari operatsiyaga aralashishga uringan AQShning MQ-9 dronini urib tushirganini bildirdi.

2026-07-08 13.48.27
Urib tushirilgani aytilayotgan MQ-9 droni / Foto: Tasnim

Reutersʼning yozishicha, chorshanba tongida Bahrayn va Kuvaytda havo hujumidan mudofaa sirenalari chalingan. Kuvayt armiyasi esa havo mudofaa tizimlari «dushmanona» raketa va dron hujumlariga qarshi kurashayotganini ma’lum qildi. AQSh harbiylari tomonidan ushbu zarbalar bo‘yicha hozircha hech qanday rasmiy munosabat bildirilmadi.

Eronning bosh muzokarachisi, parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ham AQShni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganlikda aybladi. U bunga misol tariqasida nafaqat AQShning so‘nggi harbiy zarbalarini, balki qayta tiklangan neft sanksiyalarini, Ho‘rmuzdagi Eron «tartibga solishlari»ning buzilishini hamda Isroilning Livanga qarshi hujumlarini keltirdi.

«Qo‘rqitish va tamagirlik davri tugadi. Biz ortga chekinmaymiz», deb yozdi G‘olibof.

Eron Tashqi ishlar vazirligi bu qadamni urushni tugatish bo‘yicha doiraviy kelishuvning buzilishi deb qoraladi va oqibatlar uchun javobgarlik Vashington zimmasiga tushishini bildirdi.

Vazirlik chorshanba kuni ertalab Eron o‘z manfaatlari va milliy xavfsizligini himoya qilish uchun zarur deb hisoblagan har qanday chorani ko‘rishini ma’lum qildi.