Jahon | 15:44
745
4 daqiqa o‘qiladi

Daniya AQShning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi tayinlanganidan norozi

Tramp AQShning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinlaganidan keyin Daniya AQSh elchisini suhbatga chaqirtirdi, dedi Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen. Hukumat rahbari AQShdan “hurmat” kutayotganini bildirdi.

Foto: Emil Helms/Ritzau Scanpix/picture alliance

Daniya AQShning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi etib Luiziana shtati gubernatori, respublikachi Jyef Lendri tayinlangani munosabati bilan AQSh elchisi Ken Xauerini suhbatga chaqirtirdi. Bu haqda Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen dushanba kuni, 22 dekabrda, mahalliy TV2 telekanaliga bergan izohida ma’lum qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, “u uchrashuv seshanba kuni bo‘lib o‘tishidan umid qilmoqda”, ushbu uchrashuvda Rasmussen norozilik bildirish va tushuntirish talab qilish niyatida. TIV rahbarining aytishicha, Lendrining tayinlanishi “to‘liq kutilmagan holat” bo‘lgan, tayinlovdan keyin u aytgan bayonot esa “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” narsa.

O‘z navbatida, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen hamda Grenlandiya hukumati rahbari Yyens-Frederik Nilsen Donald Tramp qarori munosabati bilan qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda ular milliy chegaralar va davlatlar suvereniteti xalqaro huquqqa tayanishini, “boshqa davlatlarni anneksiya qilib bo‘lmasligi”ni ta’kidladi. “Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli, AQSh Grenlandiyani bosib olmasligi kerak. Biz umumiy hududiy yaxlitligimizga hurmat kutyapmiz”, — dedi Frederiksen va Nilsen.

Yevropa Ittifoqida ham AQSh hukumatidagi tayinlovga munosabat bildirildi. “Daniya qirolligi hududiy yaxlitligi, uning suvereniteti va chegaralar daxlsizligini saqlash Yevropa Ittifoqi uchun muhim ahamiyatga ega”, — dedi 22 dekabr kuni Yevrokomissiya (YeK) vakili Anuar El-Anuni, deya xabar beradi Reuters agentligi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 21 dekabr kuni Luiziana shtati gubernatori Jyef Lendrini Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchi etib tayinladi. “Jyef Grenlandiya milliy xavfsizligimiz uchun qanchalik muhim ekanini tushunadi va ittifoqchilarimiz, albatta, butun dunyo xavfsizligi, himoyasi va omon qolishi uchun mamlakatimiz manfaatlarini qat’iyat bilan ilgari suradi”, — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Lendrining o‘zi esa “Grenlandiyani AQShning bir qismiga aylantirish” u uchun katta sharaf ekanini aytdi va bu tayinlov gubernatorlik ishiga ta’sir qilmasligini bildirdi. Odatda Oq uy xalqaro inqirozlar va murakkab muzokaralar paytida maxsus elchilar tayinlaydi. Ilgariroq Daniya OAV AQSh ma’muriyati Daniya hukumatini chetlab o‘tib, Grenlandiya hokimiyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga urinayotgani va orolda “yashirin ta’sir operatsiyalari” olib borayotgani haqida xabar qilgan.

Grenlandiya — Arktikada joylashgan, Daniya tarkibidagi avtonom hudud. Orolning katta qismi muz bilan qoplangan. Grenlandiyada atigi 57 ming kishi yashaydi, ularning ko‘pchiligi — orolning tub aholisi, inuitlar. 2025 yildagi jamoatchilik fikri so‘rovlariga ko‘ra, grenlandiyaliklarning ko‘pchiligi hududning Daniyadan mustaqil bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo AQSh tarkibiga kirishni xohlamaydi.

Ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri Donald Tramp bir necha bor Grenlandiyani AQShga “milliy xavfsizlik mulohazalari” asosida qo‘shib olishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan. Daniya hokimiyati Kopenhagen va Grenlandiya o‘rtasidagi munosabatlarga har qanday xorijiy aralashuv urinishini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ish deb atayapti.

Mavzuga oid