Jahon | 14:30
604
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya TIV: Rossiya fuqarolariga nisbatan “asossiz ta’qib” yo‘q

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya TIV tomonidan GFRda rossiyaliklar go‘yoki ta’qib qilinayotgani haqidagi ayblovlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Foto: Achille Abboud/IMAGO

Germaniya TIV Rossiya tashqi ishlar vazirligining go‘yoki Germaniyada davlat amaldorlari tomonidan Rossiya fuqarolari ta’qib qilinayotgani haqidagi ayblovlarini rad etdi. DW savoliga javob berar ekan, Germaniya TIV vakili Yozef Xinterzeyer bu haqda dushanba kuni, 29 dekabrda ma’lum qildi.

“Germaniyada Rossiya fuqarolari uchun go‘yoki qandaydir tahdid bor, degan shakldagi bunday ayblov ko‘rinishidagi ishoralarni biz qat’iy rad etamiz”, — dedi u. “Germaniyada matbuot va fikr bildirish erkinligi ustuvor, bu haqda biz avval ham boshqa muammolar majmuasi doirasida aytganmiz. Shuning uchun Rossiya TIV vakilasining hozirgi bayonotlari, afsuski, kutilmagan narsa bo‘lmasa-da, mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya ta’kidladi Xinterzeyer.

Xinterzeyer o‘tgan hafta Rossiya TIVning RF fuqarolariga “o‘ta zarurat bo‘lmasa GFRga safardan tiyilish” bo‘yicha tavsiyasiga munosabat bildirdi. Moskva bu tavsiyani “davlat amaldorlari tomonidan Rossiya fuqarolari va vatandoshlariga nisbatan asossiz ta’qiblar” bilan izohlagan edi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, bu tavsiya “Germaniyaga xizmat safariga yuborilayotgan jurnalistlar korpusi vakillari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin, chunki muammolar bor”.

Rossiya TIV saytidagi tavsiyada rossiyaliklar hatto shaxsiy foydalanish uchun xarid qilingan, lekin sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan ayrim buyumlar Germaniya bojxonasida musodara qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Misol sifatida Zaxarova brifingda Peterburgning “Zenit” futbol klubi murabbiyi Sergey Semak va uning rafiqasi bilan bog‘liq holatni tilga olgan: dekabr oyi boshida Semakning xotini blogida, ular Myunxen aeroportida tax free rasmiylashtirayotganida to‘xtatilgani, shundan keyin 300 yevrodan qimmat xaridlari olib qo‘yilganini aytgan.

“Bunday holatlar yakka holat emas. GFR de-fakto muayyan millatga mansub odamlar, bu holatda — Rossiyadan kelganlar, mamlakatimiz fuqarolari, ruslar, rossiyaliklar uchun huquqsizlik hududiga aylantirilgan”, — degan Zaxarova.

Mavzuga oid