Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda - iqtisodiy vaziyat sabab ommaviy norozilik namoyishlari
Eronda uchinchi kundirki ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Avval namoyishlarga mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat turtki bo‘lgan. Biroq norozilar orasida siyosiy shiorlar ham paydo bo‘ldi. Mamlakat prezidenti muloqotga tayyor ekanini bildirdi.
Foto: UGC
Eron poytaxti va boshqa yirik shaharlarida yakshanba — 28 dekabrdan beri ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Ularning boshlanishiga turtki bo‘lgan katalizator — mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat. Bu haqda seshanba, 30 dekabr kuni bir nechta axborot agentliklari xabar berdi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron va Isfahonda namoyishlarga yirik universitetlar talabalari ham qo‘shilgan.
Allaqachon norozilar bilan politsiya o‘rtasida “yirik bo‘lmagan” to‘qnashuvlar qayd etilgan, qonun-tartibot organlari olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqartiruvchi gaz qo‘llagan. Dpa agentligi qayd etishicha, norozilik siyosiy tus olgan. Namoyishchilar orasida “Diktatorga o‘lim” va “Podshoh yashasin” kabi shiorlar paydo bo‘lgan. Birinchi shior Eronning oliy rahbari — oyatulloh Ali Xomanaiyga ishora qilishi mumkin. Ikkinchisi esa, ehtimol, 1978–1979 yillardagi Islom inqilobi natijasida Eronda ag‘darilgan monarxiyani tiklashga chaqiriqni anglatadi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 30 dekabr kuni ichki ishlar vaziriga norozilar vakillari bilan muloqotga kirishish va “ularning qonuniy talablarini tinglash”ni topshirganini bildirdi. Bu “hukumat muammolarni hal etish uchun barcha kuchini safarbar qila olishi va mas’uliyat bilan ish tutishi” uchun zarur, deb yozdi u X tarmog‘idagi akkauntida.
AFP aniqlik kiritishicha, namoyishlar yakshanba — 28 dekabr kuni Tehronning asosiy shahar bozorida boshlangan. U yerda do‘kon egalari — avval mobil telefon sotuvchilari, keyin esa boshqa sohadagilar ham giperinflatsiya va milliy valutaning qadrsizlanishi sabab kelib chiqqan narxlarning keskin tebranishlariga qarshi norozilik sifatida savdo nuqtalarini yopib qo‘ygan. Bu omillar, eng avvalo, import tovarlari bilan savdo qiluvchi tijoratchilarga qattiq zarba bermoqda.
29 dekabr kuni rial ochiq valuta bozorida (bu yerda kurs rasmiy kursdan keskin farq qiladi) yangi rekord past darajaga tushdi — 1 AQSh dollari uchun taxminan 1,4 million rial. Shu fonda Eron Markaziy banki rahbari Muhammad Reza Farzin iste’foga chiqqan.
Eron iqtisodiyoti hozir yuqori inflatsiya va hukumatning yadroviy dasturi bilan bog‘liq G‘arb sanksiyalari bosimi ostida. Prezident Pezeshkiyon yaqinda inflatsiya va qimmatchilikka qarshi kurashishga va’da bergan edi.
Mavzuga oid
22:25 / 30.12.2025
Eronda milliy valuta kursi qulaganidan keyin norozilik namoyishlari boshlandi
13:25 / 29.12.2025
Rossiya raketaci Eron sun’iy yo‘ldoshlarini kosmosga chiqardi
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
23:44 / 28.11.2025