O‘zbekiston | 19:01 / 04.01.2026
2140
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda 230 ga yaqin tibbiyot muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 36 ta yangi obekt barpo etilib, yana 108 ta muassasada rekonstruksiya hamda 83 ta binoda mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi.

2026 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilayotgan mablag‘ miqdori 49 trln. so‘m bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bu mablag‘lar sohada yechimini kutayotgan muhim masalalarni hal etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tizim xodimlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga sarflanadi.

Jumladan, 2026 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 227 ta tibbiyot muassasasida 1,750 trln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 36 ta yangi obekt barpo etilib, yana 108 ta muassasada rekonstruksiya hamda 83 ta binoda mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi. Loyihalarning asosiy qismi, ya’ni 209 ta obekt butunlay yangidan boshlanadi.

2026 yildan Samarqand viloyatida sog‘liqni saqlashning yangi modelini to‘liq joriy qilish maqsadida 117 ta obektda 479 mlrd. 300 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, viloyatda birlamchi tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 1-2-tipdagi 95 ta oilaviy poliklinikaning qurilish-ta’mirlash ishlariga 360 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, Urgut tumanida xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan namunaviy tipdagi yangi shifoxona barpo etish ishlari boshlanadi.

Natijada viloyatdagi 90 foizdan ortiq tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi.

Hudud aholisi uchun tibbiy xizmatlar “bir qadam” tamoyili asosida ko‘rsatilib, murojaatlarning 70 foizini to‘liq birlamchi bo‘g‘inda hal etishga erishiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid