Jahon | 11:33 / 06.01.2026
2888
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin blekauti: hokimiyat kabel yoqib yuborilishini “so‘l terrorizm” deb atadi

Berlin burgomistri va ichki ishlar bo‘yicha senator 45 ming xo‘jalikni elektrsiz qoldirgan yong‘in qo‘zg‘atish holatini “terrorizm” deb atadi. Hodisa uchun javobgarlikni Vulkan nomli so‘l radikal guruh o‘z zimmasiga oldi.

Foto: Omer Messinger/Getty Images

Berlin burgomistri (meri) Kay Vegner va shaharning ichki ishlar bo‘yicha senatori Iris Shpranger yakshanba va dushanba kunlari — 4 va 5 yanvarda elektrostansiya yaqinidagi kabelning yondirib yuborilishi (qasddan yong‘in chiqarish)ni “terrorizm” deb atadi. Ushbu hodisa oqibatida Germaniya poytaxtining janubi-g‘arbida 45 ming xonadon elektrsiz qolgan. Bundan oldin sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni Vulkan nomli so‘l radikal ekstremistik tashkilot o‘z zimmasiga olgan edi.

Dpa agentligi Shprangerning so‘zlarini keltirdi: “Jinoyatchilar odamlarga zarar yetkazish uchun ongli ravishda va ataylab harakat qilyapti. Shuning uchun buni oddiy ‘so‘l ekstremizm’ deb atab bo‘lmaydi — bu so‘l terrorizm holati.” Shu munosabat bilan u diversiya bo‘yicha tergovni Germaniya Federal prokuraturasiga (Karlsrue shahrida) topshirishga chaqirdi. Davlat organi vakili bu masalada poytaxt hokimiyati bilan aloqada ekanini allaqachon ma’lum qildi. Hozircha esa tergovni Berlin prokuraturasi olib bormoqda.

Burgomistr Vegner ham sodir bo‘lgan voqea terrorizm ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u muhim infratuzilmani himoya qilish masalasini Berlin Senati (shahar hukumati)da ham, federal darajada ham ko‘tarish niyati borligini aytdi.

Berlin janubi-g‘arbidagi yirik miqyosdagi elektr uzilishi shanba kuni, 3 yanvarda, taxminan 45 ming xonadonni elektrsiz qoldirgan. Bu holat Lixterfelde issiqlik elektr markazi (IEM) yaqinidagi Teltov kanali ustidagi kabelni yoqib yuborish oqibatida yuz bergan.

Vulkan so‘l ekstremistik guruhi IEMga qilingan hujumning maqsadi “qazilma yonilg‘i industriyasiga zarar yetkazish” bo‘lganini bildirdi. Bu tashkilot 2024 yil mart oyida Brandenburg yerida ham diversiya uyushtirgan. O‘shanda elektr uzatish liniyasi (EUL) yondirilishi natijasida AQShning Tesla kompaniyasi zavodi zarar ko‘rgan edi.

Yakshanba kuni Lixterfelde hududidagi 10 ming xonadonni elektr tarmog‘iga qayta ulashga muvaffaq bo‘lingan. Stromnetz Berlin elektr tarmog‘i operatori xabar berishicha, Tselendorf, Nikolasze va Vanze tumanlaridagi yana 35 ming xonadon uchun ta’mirlash ishlari 8 yanvargacha davom etadi. Zarar ko‘rgan tumanlar aholisi uchun bir nechta boshpanalar ishlamoqda: u yerda tunash, ovqatlanish va qurilmalarni quvvatlash mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid